Joriy yilning 30 mayiga qadar professional ta'lim muassasalari ro'yxati, manzili, kasb va mutaxassisliklari to'g'risidagi ma'lumotlar Xalq ta'limi vazirligining hududiy xalq ta'limi boshqarmalariga taqdim etiladi.

2020 yil 30 maydan professional ta'lim muassasalarida tayyorlanayotgan kasb va mutaxassisliklarning xususiyatlari, hududda iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishi va bitiruvchilarni keyinchalik ishga joylashtirish istiqbollari haqida tuman (shahar) hokimliklari, bandlikka ko'maklashish markazlari, ish beruvchilar, boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda hududiy boshqarmalar mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar qilinishi va targ'ibot-tashviqot ishlarini olib borilishini tashkil qilish choralarini ko'radi.

Joriy yilning 30 mayiga qadar Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan taqdim etilgan professional ta'lim muassasalari ro'yxati, manzili, kasb va mutaxassisliklari to'g'risidagi ma'lumotlarni tuman(shahar) xalq ta'limi bo'linmalari orqali o'quvchilar uchun tushunarli usulda hamda ota-onalar (ularning o'rnini bosuvchi shaxslar) uchun tavsiyalar sifatida har bir umumta'lim maktabiga etkazadi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar Kasbiy ta'limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari hamda hududiy xalq ta'limi boshqarmalari boshliqlari 2020 yil 1 iyulga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish bo'limlari tomonidan taqdim etilgan ro'yxat asosida kasb-hunar maktablarida ta'limni davom ettirish istagida bo'lgan umumta'lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari (birinchi navbatda «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimiga kiritilgan oilalar farzandlari) ro'yxatini shakllantiradi.