Oʻquvchilarga soliq toʻlash haqida tushuncha bergan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatidagi maktablardan birida soliq inspeksiyasi xodimlari oʻquvchilarga soliq toʻlash boʻyicha ota-onalariga maʼlum qilish kerakligi haqida tushuntirish bergani aks etgan video tarqaldi.

    Bolalar ombudsmani bu bolaning konstitutsiya va qonun bilan qoʻriqlanadigan huquq va manfaatlariga zid ekanini taʼkidlab, holat oʻrganilayotganini maʼlum qildi.

    «Maktab oʻquv jarayoni ishtirokchisi boʻlmagan begona shaxslarning taʼlimga oid tartib-qoidalarini qoʻpol ravishda buzgan holda dars jarayoniga kirib borishi va uni buzishi, bolalarga qandaydir noqonuniy talablar bilan murojaat qilishi — mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holat!

    Bolalar oʻz ota-onalarining soliqqa oid majburiyatlari uchun javobgar emas, hech bir holatda ularni bu jarayonga jalb qilish, ogohlantirish mumkin emas! Bunday nojoʻya harakatlarga yoʻl qoʻygan masʼullarga tegishli tarzda chora koʻrilishi shart», deyiladi xabarda.

    Shuningdek, Soliq qoʻmitasi matbuot xizmati ham holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, davlat soliq xizmati organlari maktabda boʻlgan holatni nooʻrin xatti-harakat deb hisoblaydi va keskin qoralaydi.

    Qoʻshimcha qilinishicha, kamchiliklarga yoʻl qoʻygan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.