Oʻquvchilari qoʻlga kiritgan medallar soni boʻyicha jahonda yagona akademik litseyni bilasizmi?

    Ta'lim 18 Sentabr 2021 1115

    Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyida tahsil olayotgan oʻquvchilar kimyo va biologiya fanlaridan Butunjahon hamda Xalqaro Mendeleyev olimpiadalarida yuksak natijalarga erishib kelmoqda.

    2008-2020-yillarda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litsey yoshlari dunyoning turli davlatlarida boʻlib oʻtgan fan olimpiyalarida Vatan sharafini munosib himoya qilib 81 ta oltin, kumush va bronza medallarga sazovor boʻldi.

    Shundan, oxirgi 3 yilda 35 ta medal - 6 ta oltin, 12 ta kumush, 17 ta bronza olishgan, jumladan, 2018-yil 52-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida 1 ta kumush va 3 ta bronza, 50-Jahon kimyo olimpiadasida 2 ta bronza, Kimyo fanidan Xalqaro ChemiCo 2018 olimpiadasida 1 ta oltin, 1 ta kumush, 4 ta bronza medallar shodasini qoʻlga kiritdi.

    2019-yil 53-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida 1 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza (Rossiya), Biologiya fanidan 30-Jahon olimpiadasida 2 ta bronza (Vengriya), Kimyo fanidan 51-Jahon olimpiadasida 2 ta kumush va 1 ta bronza (Fransiya), Kimyo fanidan Xalqaro ChemiCo 2019 olimpiadasida 2 ta oltin, 2 ta kumush, 4 ta bronza (Singapur) medallari sohibi boʻldi.

    Bunday zafarlardan ilhomlangan yoshlarimiz 2020-yil Biologiya fanidan 31-Jahon olimpiadasida 1 ta oltin (Yaponiya), Kimyo fanidan 52-Jahon olimpiadasida 2 ta kumush (Turkiya), 54-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida 1 ta oltin, 2 ta bronza (Rossiya), Kimyo fanidan Xalqaro ChemiCo 2020 olimpiadasida 2 ta kumush, 4 ta bronza (Singapur) medallariga ega boʻldi.

    Eng quvonarlisi, 2021-yilda Rossiyada oʻtkazilgan 55-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida 2 ta kumush va 1 ta bronza, Biologiya fanidan 32-Jahon olimpiadasida 1 ta oltin medallarni yurtimizga tuhfa etishdi(Portugaliya). 2021-yil Yaponiyaning Tokio shahrida boʻlib oʻtgan 53~Jahon kimyo olimpiadasida Kimyo fanidan Omonov Sobirjon oltin medalni qoʻlga kiritdi.

    Ilm yoʻlida igna bilan quduq qazigan ustoz-shogirdlar mehnati va orzusi samarasi oʻlaroq, olimpiadalar borasida qilingan ishlarni sarhisob qiladigan boʻlsak mazkur akademik litsey 2008-2021-yillarda, jami 82 ta, shundan, 13 ta oltin, 24 ta kumush, 45 ta bronza medallarini qoʻlga kiritib, jahon ilm maydonida 82-marta Oʻzbekiston bayrogʻini yuqori choʻqqilarga koʻtarishga muyassar boʻlib kelmoqda.

    Ushbu akademik litsey oʻqituvchi-ustozlari bu marralar bilan cheklanib qolishmoqchi emas. Ular oldidagi asosiy maqsadlardan biri mazkur taʼlim muassasasi ham Buxoro Qorakoʻl xalqaro maktabi singari xalqaro maqom olishiga erishish ekanini taʼkidlashadi.

    Sirasini aytganda akademik litseyning moddiy-texnik bazasi moddiy-maʼnaviy eskirgan. Ayniqsa, bino kapital rekonstruksiyaga muhtoj. Oʻquv bazasi esa yangi texnologiyalar bilan jihozlashga ehtiyoji bor. Bu ishlar amalga oshirilsa, oʻquvchilar yurtimiz bayrogʻini kelgusi yillarda oʻtkaziladigan xalqaro va jahon fan olimpiadalarida bundanda baland, barqaror koʻtarib, shoda-shoda oltin medallar bilan munosib javob berishiga ishonamiz. Chunki Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi jahon va xalqaro fan olimpiadalarida qoʻlga kiritgan medallar soni nafaqat Oʻzbekistonda, balki jahonda yagona ekanini hatto Nobel mukofoti sovrindori Fransiyaning taniqli olimi Jean-Piyerre Sauvage ham eʼtirof etgan.

    Erishilgan yutuqlar taʼlimga qaratilayotgan alohida eʼtibor, yoshlarning isteʼdodi va salohiyatini yuzaga chiqarish uchun olib borilayotgan ulkan islohotlar mevasi ekanini faxr ila ayta olamiz. Iqtidorlari yoshlarimizga kelgusida bundanda yuksak choʻqqilarni zabt etishlarini tilaymiz.

    Ortiqboy ISHONQULOV,

    Akademik litsey direktori,

    professor,

    Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi.