Tafsilotda keltirilishicha, Buvayda tumani Maktab va maktabgacha taʼlim boʻlimiga qarashli xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktabda joriy yilning 17-may kuni algebra darsida 7-sinf oʻquvchisi N.M. (qiz bola, 2010-yilda tugʻilgan) sinfdosh oʻrtogʻi X.X. (oʻgʻil bola) bilan ogʻzaki tortishgan.
Biroz vaqt oʻtganidan soʻng, sinf xonasiga maktab direktori Q.R. (ayol) kirib kelgan, algebra oʻqituvchisi unga oʻquvchilar tortishganini aytgan. Maktab direktori Q.R. qizdan sinfdoshi bilan nima uchun janjallashganini, maktabga nega diniy libosda roʻmol oʻrab kelganini soʻrab, roʻmolini yechishni aytgan.
N.M. maktab direktoriga goʻyoki gap qaytarib, roʻmolini yechmasligini aytgani uchun direktor qizni urib, jarohat yetkazgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Buvayda tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.