2022-yil 15-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Bandixon tumani 4-sonli maktabning ingliz tili fani oʻqituvchisi Yu.Sh ning 9-B sinf oʻquvchisi X.I ni kaltaklagan videolavha yuzasidan viloyat xalq taʼlim boshqarmasining ishchi guruhi tomonidan oʻrganish ishlari olib borildi.
Maktab 360 oʻquvchi oʻrniga ega. Maktabda 361 nafar (179 nafari qiz bolalar) oʻquvchilarga 28 nafar pedagog xodimlar taʼlim-tarbiya berib kelmoqda. Maktabda darslar 2 navbatda olib boriladi. Maktab direktori X.B 2003-yil yanvar oyidan ushbu lavozimda faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Maktabning ingliz tili fani oʻqituvchisi Yu.Sh 1992-yil 17-avgustda Bandixon tumanida tugʻilgan, uylanmagan. Maʼlumoti oliy, 2019-yil Oʻzbekiston Jahon tillari universitetining Ingliz tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan, 2019-yildan Bandixon tumanidagi 4-sonli maktabga ishga qabul qilingan.
Oʻqituvchi tomonidan oʻquvchini kaltaklagan holati 2022-yil 27-aprel kuni sodir boʻlgan boʻlib, 15-may kuni ijtimoiy tarmoqlarga chiqarilgan. Bandixon tumani 4-sonli umumtaʼlim maktabining ingliz tili fani oʻqituvchisi Yu.Sh 2022-yil 27-aprel kuni dars jadvali asosida 9-B sinf oʻquvchilariga dars mashgʻulotlarini oʻtgan. Dars mashgʻuloti davomida 9-B sinf rahbari E.J sinfxonaga kirib kelib, 9-B sinf oʻquvchilarining oʻzaro janjalini ijtimoiy tarmoqqa kim tarqatganligini muhokama qilgan. 9-B sinf oʻquvchisi X.I 9-B sinf rahbari E.J va ingliz tili fani oʻqituvchisi Yu.Sh ga gap qaytargani uchun Yu.Sh jahl ustida X.I ni kaltaklagan. Ushbu holat 9-B sinf oʻquvchilari tomonidan videotasvirga olingan va 15-may kuni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilgan.
Ushbu masala boʻyicha tuman hokimligi, tuman prokuraturasi, ichki ishlar boʻlimi va tuman xalq taʼlim boʻlimi masʼul xodimlari tomonidan maktabda oʻrganish oʻtkazilib, pedagog jamoa aʼzolari va oʻqituvchilar bilan taʼlim-tarbiya jarayoni boʻyicha suhbat oʻtkazildi hamda 2022-yil 27-aprel kuni sodir boʻlgan voqeaga aniqlik kiritildi.
Ushbu maktabning 9-A sinfi oʻquvchilari bilan tengdosh X.I haqida fikr soʻralganda ushbu sinf oʻquvchilari tomonidan 9-B sinfdagi ayrim oʻquvchilar maktabda “Odob-axloq qoidalari”ga rioya qilmasligi hamda tengdoshlari bilan turli xil janjalli holatlar bir necha marotaba kuzatilganligini bildirdi.
Aynan ushbu oʻquvchilarning ota-onalariga farzandlarining xulqi va darsga tayyorlanmasdan kelishi yuzasidan alohida koʻrsatma hamda tavsiyalar berib borilgan.
Maktabda taʼlim-tarbiya ishlarini hamda pedagog xodimlarning odob-axloq qoidalari va ichki mehnat tartib qoidalariga amal qilishini yetarli ravishda nazorat qilmaganligi uchun Bandixon tumani 4-maktab direktori X.B dan mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida boshqarma boshligʻi nomiga arizasi olindi.
Maktabning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari O.S, oʻquv ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari N.A va ingliz tili fani oʻqituvchisi Yu.Sh va 9-B sinf rahbari E.J bilan tuzilgan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilindi.
Yuqoridagi holatni boshqa taʼlim muassasalarida takrorlanmasligi yuzasidan Bandixon tuman xalq taʼlimi boʻlimi rahbariyatiga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tuman ichki ishlar boʻlimi xodimlari tomonidan tergovga qadar surushtiruv ishlari olib borilmoqda, deya xabar beradi Surxondaryo viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi matbuot xizmati.