Murojaatda D.M. voyaga yetmagan farzandi O.T. (7-sinf oʻquvchisi, oʻgʻil bola) 2023-yilning 26-dekabr kuni farzandi tahsil oladigan maktab oʻqituvchisi S.M. bolaning yuz qismiga bir necha bor tarsaki urib, uni turli nomaqbul soʻzlar bilan haqorat qilganini bildirgan.
Bolalar ombudsmani soʻrovi asosida Maktabgacha va maktab taʼlim vaziri mazkur holatni atroflicha oʻrgandi.
Jizzax viloyati Zomin tumani MMT boʻlimining tegishli mutaxassislari tomonidan holat oʻrganilib, mazkur umumiy oʻrta taʼlim maktab direktorining buyrugʻiga asosan S.M. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Shuningdek, joriy yilning 23-yanvardagi jinoyat ishlari boʻyicha Zomin tuman sudida oʻqituvchining harakatlariga huquqiy baho berilib, S.M. ga nisbatan MJTKning 41-moddasi (Haqorat qilish) va 52-moddasini (Yengil tan jarohati yetkazish) sodir etgan deb topilib, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 20 barovari miqdorida jarima jazosi belgilandi.
“Yana bir bor taʼkidlaymiz, taʼlim muassasalarida bolalarga nisbatan nomaqbul muomala va zoʻravonlik holatlari javobsiz qolishi mumkin emas”, deya maʼlum qiladi Bolalar ombudsmani.