Mazkur oʻrganish va tahlil yuzasidan Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Bahodir Ahmedov boshchiligida yigʻilish oʻtkazildi.
Unda sohada olib borilayotgan islohotlar, yaratib berilayotgan imkoniyatlar toʻgʻrisida fikr bildirilib, kelgusida oldimizga turgan vazifalar ijrosi xususida batafsil toʻxtalib oʻtildi.
Maʼlumot oʻrnida keltirish lozimki, Xorazm viloyatida jami 107 ta madaniyat va sanʼat muassasalari mavjud boʻlib, ularda 2320 nafar xodim faoliyat yuritib kelmoqda.
Yigʻilishda madaniyat boʻlimlari, madaniyat markazlari, taʼlim muassasalari, teatrlar, konsert-tomosha faoliyati, kadrlar, normativ-huquqiy hujjatlar hamda ijro-intizomi bilan ishlashda xato va kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi.
Ishchi guruhi tomonidan oʻrganilgan 13 ta madaniyat boʻlimi mudirlari hamda tuman (shahar) madaniyat markazi direktorlari faoliyati qoniqarsiz deb topilib, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasining Xorazm viloyati boʻlimi rahbari ogohlantirildi.
Xorazm viloyati madaniyat boshqarmasi taʼlim muassasalarini muvofiqlashtirish boʻyicha bosh mutaxassisi, xalq ijodiyoti va havaskorlikni rivojlantirish sektori boshligʻi hamda Madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish boʻyicha boʻlim boshligʻi ham qatʼiy ogohlantirilib, viloyati musiqali drama teatri direktori va direktor oʻrinbosariga intizomiy chora- "hayfsan” eʼlon qilindi.
Madaniyat vazirligi Axborot xizmatining xabar berishicha, tahlil jarayonida tizimdagi mavjud taʼlim muassasalar rahbarlariga tegishli xulosa chiqarilishi ham belgilandi.
Yigʻilish yakunida B.Ahmedov tomonidan shahar va tumanlar madaniyat boʻlimlari mudirlariga respublikamizdagi mavjud davlat teatrlari bilan hamkorlik qilish, viloyatning chekka hududlardagi madaniyat markazlarida hudud aholisiga spektakllar namoyishini tashkil etish, hududlar ijod qilayotgan isteʼdodli yoshlarni, yangi ovozlarni kashf etish, ularning ijodiga koʻmaklashish, mahoratli teatr aktyorlari ishtirokida spektakllar sahnalashtirish, samarali ijod mahsuliga ega yozuvchi va shoirlar, xalq hofizlari hamkorligida viloyat maqom ansamblining nazm va navo kechalarini tashkil etish singari vazifalari belgilab berildi.