Bank mijozlarga xizmat ko'rsatishning yuqori standartlarini joriy qilgan holda amaldagi qonunchilik talablari, shuningdek ochiqlik va shaffoflik mezonlariga muvofiq faoliyat yuritadi. Barcha mijozlar uchun bir xil shartlarda, aniq belgilangan qoidalar va standartlarga asosan bank xizmatlari ko'rsatilib, manfaatlar to'qnashuvi holatlarining kelib chiqishiga yo'l qo'yilmaydi. Bank mijozlar bilan iliq munosabatlarni saqlaydi hamda korrupsiyaviy harakatlarni qoralaydi.
Xususan, bu borada bank tomonidan amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda. Ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini baholash va mijozlar fikrini o'rganish maqsadida mustaqil tashkilot jalb etilgan holda muntazam ravishda mijozlar o'rtasida so'rovnomalar tashkil qilinmoqda. Bankning mijozlarga xizmat ko'rsatuvchi ofislarida “sirli mijoz” usulini qo'llagan holda marketing tadqiqotlari o'tkazilmoqda.
So'nggi tadqiqotlar natijalariga ko'ra, so'rovnomalarda ishtirok etgan mijozlarning 92 foizi bank xizmatlaridan mamnun ekanligini bildirgan. Bu bank xizmatlarining ochiq va shaffofligini ko'rsatuvchi muhim omillardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, bankka murojaat qiluvchilar uchun bir qator qulayliklar yaratilgan bo'lib, kelib tushgan har bir murojaat alohida e'tibor bilan ko'rib chiqiladi. Jumladan, murojaatlarni tun-u kun qabul qilish uchun ovozli hamda elektron kanallar yo'lga qo'yilgan bo'lib, ular haqidagi ma'lumotlar bankning veb-sayti, mobil ilovasi va axborot stendlariga joylangan. Bundan tashqari, 24/7 rejimida xizmat ko'rsatuvchi bankning koll-markazi faoliyat olib bormoqda.
Murojaatlarni imkon qadar joyida hal qilish yoki unda ko'tarilgan masalani amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq hal etish va asosli javob berishga alohida ahamiyat qaratiladi. Bunda fuqaro bilan xushmuomala bo'lish, uning masalasini to'liq o'rganish va o'z vaqtida javob berish tamoyillariga rioya qilinadi. Bu kabi yondashuv mijozlar ishonchini yanada mustahkamlaydi hamda iste'molchilar manfaatlari ustuvorligini ta'minlashga xizmat qiladi.
Xulosa o'rnida aytish mumkinki, “Orient Finans” bank ilg'or axborot texnologiyalarini amaliyotga joriy qilgan holda “inson omilini” kamaytirishga va shu orqali biznes jarayonlarining ochiq va shaffof bo'lishini, korrupsiyaviy omillar yuzaga kelmasligini ta'minlashga doim intiladi.
Biz halol biznes yuritishni hurmat qilamiz hamda barcha mijozlarimiz va hamkorlarimiz korrupsiyaga qarshi kurashish tamoyillariga rioya qilishiga ishonamiz!
O'zbekiston Respublikasi Markaziy
banki bilan hamkorlikda tayyorlandi
Reklama