Oʻrmon fondi yerlarining 1 ming 327 gektar qismida 783 ming 600 tup koʻchat yetishtiriladi

    Yashil sayyora 22 Fevral 2021 1353

    Vazirlar Mahkamasining “Yogʻochsozlik sanoati xomashyo bazasini mustahkamlash va sohani yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Hujjatga muvofiq, respublikada 6,5 million tupdan ziyod yongʻoq, chinor, shumtol, qayragʻoch hamda boshqa mebelbop daraxt turlari ekiladi.

    Xususan, 2021-2022-yillarda:

    • qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqib ketgan zaxiradagi yerlarning 3 ming 173 gektarida 2 million tup;

    • oʻrmon fondining togʻoldi va adirlardagi yerlarining 1 ming 327 gektar qismida 783 ming 600 tup koʻchat yetishtirish koʻzda tutilgan.

    Shuningdek, 2021-2024-yillar davomida:

    • oʻrmon fondining suv tanqis yoki tuprogʻi shoʻr boʻlgan yerlarining 860 gektar qismida 747 ming 500 tup;

    • foydalanilmayotgan zaxira yerlarining jami 4 ming gektarida 2 million 990 ming tup daraxt koʻchatlari yetishtirish belgilangan.

    Qaror asosida, 2021-yil 10-martdan boshlab mebel sanoatida yogʻoch xomashyosi sifatida foydalaniladigan pavlovniya, yongʻoq, chinor, shumtol, qayragʻoch hamda boshqa daraxtlar plantatsiyalarini tashkil etuvchi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga zarur koʻchat ekish materiallari belgilangan tartibda shartnoma asosida yetkazib beriladi.

    Qoraqalpogʻiston va barcha viloyatlar hokimliklari tomonidan 2021-yil 25-martdan boshlab klaster shaklida daraxtlar plantatsiyalarini tashkil etish uchun mebel va yogʻochsozlik sanoati tashkilotlariga zaxiradagi va foydalanishdan chiqqan yerlardan kamida 50 gektardan ajratiladi.

    Avvalroq, hukumatning tez oʻsuvchi va sanoatbop pavlovniya daraxti plantatsiyalarini barpo qilish boʻyicha qarori qabul qilingandi. Ushbu hujjatda ham mamlakatda yogʻoch mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojni qondirish, import hajmini keskin kamaytirish koʻzda tutilgan.

    Maʼlumot uchun, 2020-yilning oʻtgan 10 oyi davomida Oʻzbekiston xorijiy davlatlardan qiymati 471,8 mln AQSH dollariga teng boʻlgan yogʻoch va yogʻoch mahsulotlarini import qilgan. Bu koʻrsatkich 2019-yilning mos davri bilan solishtirilganda 37,7 mln AQSH dollariga kam.

    Oʻzbekiston oʻtgan yili 49 mamlakatdan, xususan, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Belarus, Italiya davlatlaridan yogʻoch va yogʻoch mahsulotlari import qilgan.

    Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi matbuot xizmati