Orol boʻyidagi Texno: Moʻynoqda elektron musiqa “Stixiya” festivali oʻtkaziladi

    Madaniyat 11 Mart 2022 2868

    2022-yil 6-8-may kunlari Moʻynoqdagi kemalar qabristonida “Stixiya” elektron musiqa, sanʼat va fan festivali boʻlib oʻtadi. Loyiha 2017-yilda Moʻynoq shahrida Orol dengizining ekologik halokatidan xabardorlikni oshirish va mintaqaning barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish, shuningdek, Oʻzbekistonda yashovchi xalqlarni butun dunyoga tanitish maqsadida ishlab chiqilgan.

    Bugungi kunda Orol fojeasi butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng keskin ekologik muammo boʻlib qolyapti. Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida jahon hamjamiyatini ushbu tabiiy ofatga eʼtibor qaratishga va bu borada saʼy-harakatlarni birlashtirishga chaqirgan edi.

    Bugungi kunda “Stixiya” butun dunyodan musiqachilar, “DJ”lar, prodyuserlar, rassomlar va olimlar ishtirokidagi bir nechta loyihalarning aralashmasiga aylandi. Ularning barchasini yer yuzidagi oʻziga xos maskanda diqqatga sazovor joy yaratish maqsadi birlashtiradi.

    Bu yilgi festival uchun uchta alohida-alohida sahna yaratiladi: elektron, progressiv va etnik. Unda Oʻzbekiston, Turkiya, Rossiya, Germaniya, Gruziya, Hindiston, Eron, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Niderlandiya, Ukraina, Fransiya, Shvetsiya va Yaponiyadan 30 ga yaqin mashhur “DJ”lar ishtirok etishi kutilyapti.

    Festival oʻzida “Stixiya Gen loyihalari”, “Forum Stixiya N+1”, “6 milliard daraxt” va turli ijtimoiy tashabbuslarni qamrab oladi.

    Loyihalar va festival dasturi haqida batafsil maʼlumotlar tez kunlarda maʼlum qilinadi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

    Shuningdek, xabar orqali festivalga chiptani www.stihia.org saytidan xarid qilish mumkinligi eslatiladi.