Qoraqalpogʻistonlik sanʼatkorlar Germaniya, Belgiya hamda Niderlandiya mamlakatlarida 11-28-aprel kunlari “Orol dengizi shamollari” nomli ijodiy safarda boʻldi.
Unda yosh qobiliyatli baxshi Azada Qarlibayeva hamda sozanda Gumisay Berdixanovalar qoraqalpoq epik meroslarining eng sara dostonlari – “Gʻarib oshiq”, “Sayatxon-Hamre”, “Bazergen”, “Alpomish”dan parchalar va xalq qoʻshiqlaridan iborat 10 dan ortiq konsert hamda mahorat darslarini qoraqalpoq tilida ijro etdi.
Ijodiy safar OXUS Culture nodavlat tashkilotining Oʻzbekiston madaniyatini xalqaro maydonlarda namoyish etish boʻyicha “Alba Kultur” xalqaro musiqa byurosi bilan navbatdagi hamkorlik loyihasi doirasida tashkil etildi.
“Orol dengizi shamollari” dunyo musiqasining Yevropadagi ixlosmandlarini yana bir marta Markaziy Osiyo, shuningdek, oʻzbek hamda qoraqalpoq estrada olamiga xayolan sayohat qilishi, bu orqali Orol dengizi muammosidan boxabar boʻlishiga zamin yaratdi.
Loyihaning “Orol dengizi shamollari” deb nomlanishi orqali hudud aholisining madaniy merosi, turmush tarziga, ijro etish orqali esa Orol dengizi muammosi, u yerdagi ekologik holatga odamlarning eʼtiborini tortish maqsad qilingan.
Ijrolarda Orol dengizi soʻz etilmagan. Qandaydir muammo ham koʻrsatilmagan. Sanʼatkorlarning ushbu hududdan ekanligining oʻzi katta faktor hisoblanadi. Loyihaning bunday nomlanishi orqali ijroga, ijro orqali ekologik muammoga diqqat qaratish maqsad qilingan.
Qoraqalpoq sanʼati Yevropada katta qiziqish bilan kutib olindi.