Orol dengizining qurigan tubida yaʼna 500 ming gektar maydonda oʻrmonzorlar barpo etiladi

    Mamlakatimizda 20 Dekabr 2021 1565

    Bu haqda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Qahramon Sariyev oʻz murojaatiga bildirib oʻtdi.

    "Orol boʻyi hududida ekologik vaziyatni yumshatish, yashil hududlarni koʻpaytirish eng dolzarb masalalardan hisoblanadi.

    Bu borada kelgusi yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 1 mln. 300 ming gektar maydonda yangi muhofaza etiladigan tabbiy hududlar tashkil etiladi.

    Jumladan:

    - “Orolqum” biosfera rezervati (Vozrojdeniye oroli) – 1 mln. gektar;

    - “Borsakelmas” buyurtma qoʻriqxonasida - 300 ming gektar maydonda muhofaza etiladigan tabbiy hududlar tashkil etiladi.

    Shuningdek, Orol dengizining qurigan tubida yaʼna
    500 ming gektar maydonda oʻrmonzorlar barpo etiladi.

    Orolboʻyi hududida ekologik barqarorlikni taʼminlash, atrof-muhit monitoringi tizimini takomillashtirish va bioxilmaxillikni asrashga qaratilgan umumiy qiymati 9,6 mln.AQSH dollariga teng 9 ta grant loyihasi amalga oshiriladi.

    “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 14 mln. dona koʻchat ekish ishlari tashkil etiladi.

    Eʼlon qilingan “dolzarb 40 kunlik” davomida joriy yil kuz mavsumida 5,5 mln. dona koʻchatlar ekilib, reja
    105 foizga bajarildi.

    Shuningdek, Nukus shahri va tumanlarda jami 158 gektar maydonda “yashil maydon” hamda 112,8 gektar maydonda yangidan “yashil jamoat parklari” barpo etiladi.

    Albatta, yuqorida taʼkidlanib oʻtilgan rejalarimizni amalga oshirilishi natijasida, 2022-yilda:

    yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 26,3 trln soʻmni tashkil etishi va oʻsish surʼati 106,1 foizga;

    sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 16,9 trln soʻmga va oʻsish surʼati 105,2 foizga;

    qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmi 11,9 trln soʻmga va oʻsish surʼati 106,5 foizga;

    xizmatlar hajmi 12,8 trln soʻmga va oʻsish surʼati
    151 foizga yetkaziladi.

    Shu bilan birga, kelgusi 2022-yilda mahalliy byudjet daromadlari esa 2,0 trln soʻmga yetkaziladi va 140 foizga oʻsishi taʼminlanadi."