Tarixan qisqa davr ichida Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida misli koʻrilmagan ishlar amalga oshirilganligini alohida qayd etish joiz. Bu borada taʼlim, sogʻliqni saqlash tizimida, ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholini arzon uy-joy va toza va sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash, iqtisodiy va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan investitsiyalarni alohida taʼkidlash lozim.

Maktabgacha taʼlim muassasalari, maktablar, sport, sogʻliqni saqlash, madaniyat hamda koʻp qavatli uy-joylar va ichimlik suv taʼminoti obyektlarining qurilishi, rekonstruksiya ishlari olib borildi. Eʼtiborli jihati shundaki, rivojlanishning dastlabki bosqichlari oʻz ijobiy samarasini koʻrsatmoqda. Bugungi vaziyatda har bir qoraqalpogʻistonlikning qalbida boʻlayotgan oʻzgarishlardan mamnunlik hissi joʻsh urmoqda.

Oxirgi uch yil ichida Orolning qurigan tubida oʻrmonzorlar barpo etish boʻyicha dunyoda muqobili boʻlmagan ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. Oʻtgan davr mobaynida qariyb, 2 million gektar maydonda oʻrmonlashtirish ishlari amalga oshirilib, saksovul va choʻlga chidamli boshqa oʻsimliklar urugʻlari sepildi.

Shuni alohida qayd etish joizki, Orol dengizining qurigan tubini oʻrmonlashtirish borasida amlga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik mintaqa ekotizimini barqarorlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu chora-tadbirlar tabiiy resurslarning degradatsiyasining, shuningdek, dengizning qurigan tubidan qum va chang koʻtarilishining oldini olishni taʼminlaydi. Bundan tashqari, hayvonot olami turli vakillarining koʻpayishi va tarqalishi uchun qulay ekotizim shakllanadi, choʻl oʻrmonlari maydoni va bioxilma-xillikning kengayishi mintaqada iqlim oʻzgarishini yumshatishga sharoit yaratadi.

Prezidentimizning “2020 – 2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yana-da rivojlantirishda muhim dasturilamal boʻlmoqda. Qarorga muvofiq, har bir shahar va tumanning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda “oʻsish nuqtalari” belgilangan. Qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat, toʻqimachilik, neft-kimyo sanoati, bogʻdorchilik, issiqxonalar tashkil qilish, ipakchilik, turizm sohasi shular jumlasidan. Belgilangan maqsadli koʻrsatkichlar va loyihalarni amalga oshirishga qulay shart-sharoitlar yaratish uchun qaror bilan tadbirkorlik subyektlariga yer soligʻi, mol-mulk soligʻidan ozod qilish kabi va boshqa qator imtiyoz hamda yengilliklar taqdim etilishi koʻzda tutilgan.

Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, ushbu qaror asosida 2788 ta loyiha va obyektlarda 21 trillion 209 milliard soʻmlik keng koʻlamli ishlar bajarilishi rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kunda uning ijrosini taʼminlash yuzasidan keng koʻlamli ishlar boshlab yuborilgan. Natijada hozirda dasturga kiritilgan jami 754 ta loyiha ishga tushirilib, 4 ming 735 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishiga erishildi.

Mintaqadagi yangilanishlar haqida gap ketganda, Prezidentimizning “Qoraqalpogʻiston Respublikasida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori haqida ham alohida toʻxtalish joiz.

Bu borada Qoraqalpogʻiston Respublikasida suv xoʻjaligi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv resurslari va elektr energiyasidan foydalanishning avtomatlashgan nazoratini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq muhim vazifalar belgilangan. Bundan tashqari, ilm-fan yangiliklarini ishlab chiqarishga keng joriy qilish orqali suv yoʻqotishlarini kamaytirib kanallarning foydali ish koeffitsiyentini oshirish hamda sugʻoriladigan yer maydonlarini suv bilan ishonchli taʼminlash chora-tadbirlarini amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Senat tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarining ijrosi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish choralari koʻrilmoqda. Bu yoʻnalishda doimiy asosda faoliyat yurituvchi idoralararo ishchi guruh shakllantirildi. Mazkur ishchi guruh Prezidentimizning qarorlarida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishini nazorat qilishga aloida eʼtibor qaratmoqda. Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar mazmun-mohiyatini aholi orasida targʻib qilish,, madaniy-maʼrifiy targʻibot ishlarini kuchaytirish, mahalliy aholining tarixi, madaniyati, urf-odatlariga bagʻishlangan turkum loyihalar tayyorlash boʻyicha ish olib borilyapti. Shuningdek, aholiga madaniy-maʼrifiy xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, hududning tarixiy, madaniy meros obyektlari toʻgʻrisidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish, hududlar kesimida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan aholini xabardor qilib borish masalalarga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Qisqa qilib aytganda, Qoraqalpogʻiston Respublikasida amalga oshirilayotgan dasturlar, loyihalar ijrosi ustida bugungi kunda parlament va jamoatchilik nazorati oʻrnatilgan. Bu borada yuqori palata tomonidan xalq deputatlari mahalliy kengashlari salohiyatidan foydalanishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Deputatlarning har biriga amalga oshiriladigan loyihalar mahallalar kesimida boʻlib berilib, ularning ijro holatini har oy yakuni boʻyicha yigʻilishlarda muhokama qilish belgilab olingan.

Albatta, bu saʼy-harakatlarning barchasi, avvalo, aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Qolaversa, xalqimizning davlat siyosatidan rozi boʻlib islohotlar jarayonida faol ishtirok etishiga zamin yaratadi. Shu bois, bu xayrli ishlarni tizimli davom ettirish, amalga oshiriladigan har bir loyihaning natijasini aholi oʻz hayotida yaqqol his etishi uchun doimiy oʻrganish va monitoring ishlarini yuritish parlamentning doimiy eʼtiborida boʻladi.

Boriy ALIXONOV,

Oliy Majlis Senati Orolboʻyi mintaqasini

rivojlantirish masalalari qoʻmitasi raisi