Muloqot chogʻida Trast jamgʻarmasining donor mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar va rivojlanish boʻyicha hamkorlar bilan birgalikda olib borilgan faoliyatining yakunlari, shuningdek, Orolboʻyi mintaqasida resurslarning safarbar etilishi va manzilli loyihalarni amalga oshirishda kelgusidagi hamkorlikning dolzarb masalalari va mexanizmlari muhokama qilindi.
Xususan, Jamgʻarmaning Texnik kotibiyati tomonidan baholash natijalari sarhisob qilingani hamda Boshqaruv qoʻmitasi hamraislariga tasdiqlash va moliyalashtirish uchun aniq loyiha takliflarini tanlash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqilgani taʼkidlandi.
Shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan uchta strategik hujjatni, jumladan, Resurslarni safarbar qilish va sheriklik strategiyasi, Kommunikatsiyalar, brendlash va marketing strategiyalari hamda Monitoring olib borish va baholash boʻyicha Yoʻriqnomani Boshqaruv qoʻmitasiga koʻrib chiqish uchun yuborishga qaror qilindi.
Ushbu masalalar Boshqaruv qoʻmitasining yaqin kunlarda oʻtkazilishi rejalashtirilgan 5-yigʻilishida koʻrib chiqiladi.
Shuningdek, Jamgʻarma Maslahat qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi ham oʻtkaziladi. Bu, oʻz navbatida, belgilangan vazifalar doirasida yuzaga kelayotgan barcha masalalarga aniq yechimlarni ishlab chiqishga imkon beradi.
Uchrashuv chogʻida joriy yil kuzida Oʻzbekistonda yuqori darajadagi Birinchi Orolboʻyi xalqaro forumini oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar ham koʻrib chiqildi. Forum kun tartibiga Oʻzbekistonda “yashil” iqtisodiyotni yanada rivojlantirishning istiqbolli yechimlari, BMT Bosh Assambleyasining Orolboʻyi mintaqasida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasini tashkil qilish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyasini hayotga joriy etish chora-tadbirlari, shuningdek, mintaqaning barqaror rivojlanishiga yoʻnaltirilgan loyihalarni amalga oshirish uchun rivojlanish boʻyicha sheriklar bilan investitsiyaviy sheriklik aloqalarini oʻrnatish mexanizmlarining muhokamasi ham kiritilgan.
Tomonlar tadbir konsepsiyasini hamda tashkiliy va mazmuniga doir barcha masalalarni ishlab chiqishni tezlashtirilgan tarzda yakunlashga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.