“O'rta tepa” obidasining muhofaza hududiga uy –joy qurilgan

    Ko'kgumbaz jom'e masjidi hududida talabga rioya qilinmay qurilish ishlari olib borilgan. Qo'yqirilgan qal'a arxeologiya ob'ektining muxofaza hududiga ekin ekilgan.

    Bu haqda AOKAda o'tkazilgan brifingda Madaniy meros agentligi axborot xizmati rahbari Mohinur Imomova ma'lum qildi. Brifingda qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan uzoq muddatga ijaraga berilgan madaniy meros ob'ektlari 23 tani tashkil qiladi. O'rganishlar natijasida 60%ga yaqin holatda madaniy meros ob'ektlarini saqlash, foydalanishga berish va ulardan foydalanish bo'yicha talablar qo'pol ravishda buzilganligi aniqlandi va vaziyatga huquqiy baho berish uchun to'plangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi.

    E'tiboringizga ob'ektlardan foydalanish bo'yicha qonun hujjatlari talablari qo'pol ravishda buzilgan holatlardan misollar keltiramiz.

    Namangan viloyati Yangiqo'rg'on tuman “Pastki Novkent” MFY xududida joylashgan “O'rda tepa” arxeologiya yodgorligiga katta zarar etkazilgan. Ushbu madaniy meros ob'ektining 3 sotix qizil chiziq ostidagi eri fuqaro tomonidan texnika yordamida kovlanib o'zboshimchalik bilan qo'shib olingan. O'rganishlar davomida arxeologiya yodgorligi ob'ektining 100 metrlik muhofaza zonasiga uy-joy qurib olinganligi ham aniqlandi.

    O'zbekiston musulmonlar idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakilligiga foydalanish uchun berilgan Qarshi shahridagi “Ko'kgumbaz” jom'e masjidiga ham kam miqdorda zarar etkazilgan. Mazkur ob'ektda Madaniy meros agentligining ilmiy-ekspert kengashi xulosasi olinmasdan, belgilangan talablarga zid ravishda metall konstrutsiya o'rnatilgan va masjid hududida qo'shimcha qurilish ishlari olib borilgan.

    Madaniy meros ob'ektlari muntazam monitoring qilib borilishi natijasida, To'rtko'l tumani “Kaltaminor” OFY hududida joylashgan miloddan avvalgi IV asrlarga oid Qo'yqirilgan qal'a arxeologiya ob'ektining muxofaza er chegarasining ichki tomoniga “Nizomiddin Abror” fermer xo'jaligi rahbari tomonidan o'zboshimchalik bilan bug'doy ekilgani aniqlanib, qonunchilikda belgilangan tartibda ko'rib chiqildi. Bu bo'yicha ellikqal'a tuman sudi tomonidan huquqbuzarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

    Bundan tashqari, Madaniy meros boshqarmasining 2022 yil 10 fevralda tegishli tashkilotga taqdimnoma berilganligiga qaramasdan, “Qirq qiz” saroyi, “Xo'ja Samandar Termiziy”, “Sulton Saodat” maqbaralari, “Oq ostona”, “Kokildor ota” arxitektura yodgorliklari qarovsiz qolganligi bois bugungi kunda bu ob'ektlar ta'mirlash va tiklashga muxtoj bo'lib qolmoqda.