Oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 78 yoshga yetadi

    Ijtimoiy hayot 27 Avgust 2023 2693

    Bu aniq hisob-kitoblarga asoslangan

    Sogʻlom va uzoq umr kechirish uchun qulay yashash sharoiti, sof tabiiy muhit va zamonaviy tibbiy xizmatning oʻrni beqiyos. Yurtimizda soʻnggi yillarda bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida aholi orasida kasallanish koʻrsatkichi kamaymoqda. Xalqimizning oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi ham ortib borayotir.

    Statistika agentligining bu boradagi maʼlumotlariga koʻra, mamlakatimizda doimiy aholining oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 2021-yil boshida oʻrtacha 73,4 yoshni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 73,8 yoshga koʻtarildi.

    “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida esa aholining oʻrtacha umr koʻrish davomiyligini 78 yoshga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, byudjetdan tibbiyotga ajratiladigan yillik mablagʻ hajmini ikki barobar oshirish, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet, nafas yoʻllari va yuqumli kasalliklar boʻyicha erta oʻlimni 2,5 barobar kamaytirish hamda sil kasalligi bilan kasallanish darajasini 100 ming aholiga nisbatan hozirgi 34 nafardan keskin kamaytirish koʻzda tutilgan.

    Shu bilan birga, loyihada aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Buning uchun kelgusi yetti yillikda 700 ta poliklinika barpo etilib, 28 ming shifo oʻrni yaratiladi va 16 ming shifokor shtati tashkil etiladi. Diabet bilan xastalangan 350 ming, qon-tomir kasalligi bor 1,5 million bemorlar davolash bilan toʻliq qamrab olinadi. Tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi boʻgʻinning oʻzida hal etishga erishish belgilab olindi.

    Bu kabi islohotlar nafaqat fuqarolarimizning oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi ortishiga, shu bilan birga, aholi barcha qatlamining salomatligi yanada yaxshilanishiga xizmat qilishi shubhasiz. Xususan, bolalar oʻrtasida irsiy kasalliklar ikki barobar kamayadi. Har yili ikki marotaba 55 va undan katta yoshdagi aholini 100 foiz profilaktik koʻrikdan oʻtkazish va sogʻlomlashtirish yoʻlga qoʻyilishi koʻzda tutilgan.

    Umuman olganda, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida nafaqat aholi salomatligini asrash, shu bilan birga, barcha sohalarda boʻlgani kabi ijtimoiy sohaning ham barcha yoʻnalishlarini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Jumladan, taʼlim tizimining barcha bosqichlarida boshlangan islohotlar ham jadal davom ettirilishi maqsad qilinmoqda. 2023–2030-yillarda bolalarni maktabgacha taʼlim va tayyorlov guruhlari bilan qamrov darajasini 100 foizga yetkazish belgilangan. Buning uchun 2 mingta yangi bogʻcha bunyod etilib, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari sonini 56 mingtaga yetkaziladi. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan toʻliq taʼminlanadi.

    Shuningdek, umumiy oʻrta taʼlim tizimi uchun “Taʼlim uchun qulay muhit” dasturi amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Natijada 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab har yili 500 ming yangi quvvatlar tashkil etilib, oʻquv oʻrinlari soni 7,5 milliongacha yetkaziladi. 2,5 million oʻquvchi oʻrniga ega maktablar qurishga 8 milliard dollar ajratilishi belgilangan.

    Ushbu jarayonda oʻquvchi yoshlarimizning oliy taʼlim olishga boʻlgan intilishlarini ham toʻlaqonli qamrab olishga alohida eʼtibor qaratilgan. Yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi kamida 50 foizga yetkazilib, davlat granti asosidagi qabul parametrlari 2 barobar oshiriladi. “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qoʻshma taʼlim dasturi va “ikki diplomli tizimi” joriy qilinadi. 5 ta oliy taʼlim muassasasi milliy tadqiqot oliygohlariga aylantirilib, qoʻshimcha 120 ming oʻrinli oʻquv binolari hamda 150 ming oʻrinli talabalar turar joylari qurilishi koʻrsatilgan.

    “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining 5 ta yoʻnalishi va 100 ta maqsadiga jamlangan har bir loyiha inson qadrini ulugʻlashdek ana shunday ezgu maqsadlarga yoʻnaltirilgan. Ularning oʻz vaqtida ijro etilishi mamlakatimizning rivojlangan davlatlar safidan oʻrin olishini taʼminlash va xalqimizning turmush farovonligini yanada yaxshilashga zamin yaratadi.

    Muzaffara ABDIYEVA,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati