Ammo oʻtgan vaqt oraligʻida biron bir amaliy ish koʻzga tashlanmadi. Hatto majmuaning poydevori ham chalaligicha qolib ketdi.
Hozirgi vaqtda aholiga sport majmuasidan koʻra maktab binosiga ehtiyoj paydo boʻldi. Mazkur bir gektar yer maydoni 20 yil oldin sport majmuasi qurish maqsadida tuman sport boʻlimi balansiga tuman hokimi qarori bilan oʻtkazilgan ekan. Hech qanday amaliy ish boʻlmagach, biz respublika, viloyat, tuman hokimliklariga ham, Respublika xalq taʼlimi vazirligiga ham, Sportni rivojlantirish vazirligiga ham yordam soʻrab bir necha bor murojaat qildik.
Ayni paytda Katta qoʻshtepa qishlogʻi aholisi salkam 5 ming nafarni tashkil qilmoqda. 500 dan ziyod mazkur qishloqda yashovchi oʻgʻil-qizlar oʻz yashash manzillaridan 3-3,5 km masofa uzoqlikdagi Bekobod mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan 20-maktabda tahsil olishadi. Ushbu taʼlim maskaniga kelish uchun oʻquvchilar “Qoʻqon-Fargʻona” katta magistral yoʻlidan va Katta Fargʻona kanalidagi koʻprikdan oʻtishlariga toʻgʻri keladi.
– Qishloq ahli maktab qurilishi tezroq amalga oshishini istaydi, bolalar juda qiynalishyapti, – deydi Katta qoʻshtepa mahalla fuqarora yigʻini raisi Nodirjon Mavlonov. – Katta magistral yoʻldan oʻtish jarayonida kamida 20 ta fuqaro yoʻl halokati hodisasiga uchragan. Ularning ichida koʻpchiligini bolalar tashkil qiladi.
Xoʻsh, qishlogʻimizga maktab qurish shunchalar zarurmi? Ushbu savolimizga Uchkoʻprik tumani xalq taʼlimi boʻlimi mudiri Maʼrufjon Mahmudov shunday javob berdi:
– Haqiqatdan ham hozir tumanimizdagi 800 oʻrinli 20-oʻrta maktabda 1536 nafar oʻquvchilar ikki smenada oʻqiydi. Agar xalq soʻrovi boʻyicha bu yerga bir yangi maktab qurilsa maqsadga muvofiq boʻlar edi. Xalq taʼlimi vazirligi maktab qurilishi uchun pul ajratmoqchi, lekin Katta qoʻshtepada maktab qurilishi uchun ushbu boʻsh yer maydonidan boshqa mos keladigan hudud yoʻq. Bu yer esa sportni rivojlantirish vazirligi tasarrufida.
Demak, Xalq taʼlimi vazirligi sportni rivojlantirish vazirligiga qarashli hududga maktab qura olmaydi. Muammoning yechimi shundaki, bu hududni Sportni rivojlantirish vazirligi xalq taʼlimi vazirligi balansiga oʻtkazib berishi kerak.
– Biz viloyat hokimligiga borganimizda ular bu vazirlar oʻrtasida kelishiladigan narsa boʻlgani uchun boshqa odamlar mazkur muammoga aralasha olmasligini aytishdi, – deydi katta qoʻshtepalik oqsoqol Usmonjon Ahmadjonov. –- Xalq taʼlimi vazirligining qurilish boʻyicha boʻlim boshligʻi Ibrohimjon Joʻrayev bilan boʻlib oʻtgan sayyor qabulga borganimizda esa u ham quruq vaʼdalar berdi xolos.
Uchkoʻprik tumani hokimining oʻrinbosari Haydarali Ummatovning taʼkidlashicha, mazkur muammo boʻyicha tuman hokimligi tomonidan bir necha marta viloyat xalq taʼlimi boshqarmasiga murojaat qilingan. Baribir foydasi boʻlmagan.
Xoʻsh, bu muammoga ikki vazirlik masʼullari qanday qaraydi? “Sening yeringmi yoki mening yerimmi?” deb fuqarolarni sarson qilishdan foyda bormikan?... Shu oʻrinda Mavlono Muqimiyning “Tanobchilar” sheʼridagi “oʻrtada sarson ilik” degan soʻzlari yodimga keldi. Bizning muammoimiz tokaygacha “ikki vazirlik oʻrtasidagi sarson ilik” boʻlib turar ekan...
Keyingi paytda “Yangi Oʻzbekiston va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyatining “yuz.uz” sayti va telegramkanalida tanqidiy-tahliliy maqolalar koʻp berilayotgani diqqatimizni tortdi. Hamkishloqlarim nomidan ushbu maqolani sizlarga yozishga qaror qildim.
Yurtimizda inson manfaatlari har nedan ustun deb hisoblanayotgan bir paytda mana shu maydonda qishloq yoshlari uchun moʻjazgina bir maktab va uning yoniga shinamgina sport majmuasini qurish ikkita katta vazirlik mutasaddilarining qoʻllaridan kelmaydimi? Yoki shu bir xayrli ishni amalga oshirishga ham kimdir buyruq berishini kutib oʻtirish insofdanmikan...
Adhamjon Abdurazzoqov,
Uchkoʻprik tumani