Shu sababli o'tkir respirator virusli infektsiyalarga chalingan bolalarni uy sharoitida davolash jarayonida shifokorlarning quyidagi tavsiyalariga qat'iy rioya qilish talab etiladi.
— Ambulator muolaja olayotgan bemor o'g'il-qizlarning tezroq tuzalishida ota-onalarning roli nihoyatda katta, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo'lim boshlig'i, tibbiyot fanlari nomzodi Dinara Do'stmuhammedova. — Negaki, bunday vaziyatda ularni alohida xonada to'g'ri parvarishlash, gigiena qoidalariga amal qilish va eng muhimi, sog'lom ovqatlantirish kerak. Xususan, olti oygacha bo'lgan chaqaloqlarni oziqlantirishda ona sutining o'rnini bosadigan mahsulot yo'q. Ayni sababdan bunday go'daklarni bemorlik chog'ida ham istisnosiz emizish tavsiya etiladi.
Olti oydan oshgan bolalar taomnomasidan esa bosqichma-bosqich qo'shimcha ovqatlar o'rin olishi, tabiiy. Shunday ekan, ularni odatdagidek oziqlantirishda davom etish kerak. Xo'sh, bu nega muhim? Gap shundaki, bemor o'g'il-qizlarga darmondorilarga boy eguliklar berilsa, ularning kasallik bilan kurashish qobiliyati oshib, tezroq oyoqqa turadi. Ya'ni quvvati tiklana borgach, organizmning o'zi xastalikni siqib chiqaradi.
To'g'ri, shamollagan kichkintoylarda ishtaha susayadi. Taom berish jarayonida injiqlik qiladi. Biroq bunday paytda ularni ovqatlanishga undash kerak. Yoshiga mos, avval ham eb o'rgangan hamda o'zi sevib iste'mol qiladigan, yumshoq pishirilgan, ishtaha ochuvchi mahsulotlar berilishi maqsadga muvofiq.
Shifokorlar bolani kasal paytida tez-tez, kam-kam ovqatlantirishni tavsiya qiladi. Sog'aygach esa odatdagidan ham ko'proq taomlar berish mumkin. Bu farzandlarimizning quvvatini tiklashi uchun muhim. Qolaversa, kasallik chog'ida bolaga ko'p miqdorda suyuqlik ichirish lozim. Qaynatilgan suv yoki uyda tayyorlangan meva sharbatlari tomoqdagi yo'tal va og'riqni yumshatib, tanadan viruslarning tezroq chiqib ketishini ta'minlaydi.
Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, bemor bolani qat'iy parhezga o'tkazish mumkin emas. Shu bilan birga, yangilik yaratish ham to'g'ri bo'lmaydi. Masalan, bolaga avval iste'mol qilmagan taomlar va mahsulotlarni vaqtincha bermagan ma'qul.
Sog'liqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati.