Davlatimiz rahbari kelgusida oldimizda turgan ulkan maqsad va marralarga ruhlantiruvchi gaplarni aytar ekan, bu soʻzlar butun xalqimizning yurak-yuragiga yetib bordi, deb oʻylayman. Xususan, Yurtboshimiz “Qizlaringizni oʻqiting, orzu- umidlarini roʻyobga chiqarishda ularga koʻmakchi boʻling!”, — deya bong urganlarida shu yurtning bir ziyolisi, bir onasi sifatida nihoyatda toʻlqinlandim.
Darhaqiqat, qizlar taʼlimi nafaqat ularning orzu-maqsadlari, balki butun xalqimizning ertangi kun bilan bogʻliq yorugʻ niyatlarining ham roʻyobidir, aslida. Chunki donishmand bobolarimiz aytganidek, bir qizni oʻqitib, ilmli qilish butun millatni savodli, ilmli qilish, deganidir.
Yangi Oʻzbekistonimizda xotin-qizlarimizning nafaqat maktab va oʻrta maxsus taʼlimni egallashlariga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda, qolaversa, ularning oliy taʼlim dargohlarida bilim olishlariga keng sharoitlar yaratilib, ilmiy izlanishlariga keng yoʻl ochilayotganidan har qancha quvonsak arziydi. Shaxsan, Prezidentimiz tashabbusi bilan oliy taʼlim dargohlarida xotin-qizlar uchun alohida oʻrinlar ajratilishi, ularga taʼlimning magistratura bosqichida bepul tahsil olish imkoniyati yaratilgani mamlakatimiz taʼlim tizimida katta voqelik boʻldi. Bugungi kunda Fargʻona davlat universiteti ilmiy salohiyatining koʻtarilishida aynan olima xotin-qizlarning ulushi oʻsib borayotgani fikrimiz dalilidir.
Mana shunday dorilamon kunlarda bir ezgu ahd dilimizda uygʻoqdir: barchamiz kasbimiz va yoshimizdan qatʼiy nazar, kuchi birlikda, qadri tinchlikda boʻlgan yurtimizga yurtboshimiz ortidan turib taʼzim qilamiz. Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar esa bizni Yangi Uygʻonish davriga dadil kirib borishga katta ruh va kuch beradi.
Irodaxon XOLDOROVA,
Fargʻona davlat universiteti dotsenti,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD).
Hamkorlik materiali