2021-yilda Toshkent davlat jahon tillari universiteti huzuridagi akademik liseyni a’lo baholar bilan tugatdim. Shuningdek, chet tilni bilish darajasi bo‘yicha 7,5 ball to‘plab, IELTS xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritdim. Toshkent shahridagi Vebster universiteti meni o‘ziga jalb etardi. Chunki u AQSHning Markaziy Osiyodagi birinchi filiali edi. Universitetning dunyodagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligi, o‘quv dasturining ilg‘or tajriba asosida tuzilgani, o‘quv jarayoni bevosita amaliyot bilan bog‘liqligi, xorijdagi nufuzli OTMlar o‘qituvchi- professorlari dars berishidan xabardor edim. Niyatim ro‘yobga chiqdi — Vebster universitetiga qabul qilindim.
Odatda xorijiy universitetlar talabalarni deyarli 100 foiz to‘lov-kontrakt asosida o‘qitadi. Shuning uchun yurtimizning yetakchi universitetlariga hujjat topshirib, bilimimni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. Buni qarangki, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga grant asosida o‘qishga qabul qilindim.
O‘sha yil iyunda “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etilgani va hujjatlar qabul qilinayotgani haqidagi e’longa ko‘zim tushdi. Nufuzli chet el oliy o‘quv yurtlarining ta’lim dasturi asosida yuksak kasbiy bilim va malakaga ega istiqbolli kadrlar tayyorlanishi, talabalarning intellektual salohiyati rivojlantirilishi, buning uchun har tomonlama qulay muhit shakllantirilgani kabi ma’lumotlar bilan tanishganimdan so‘ng hech ikkilanmay yangi OTMga hujjat topshirdim va grant asosida o‘qishga qabul qilindim. Bu universitetda mamlakatimizning kuchli bilimga ega, keng dunyoqarashli, yuksak maqsadli, xalqaro fan olimpiadalari g‘olibi bo‘lgan tengdoshlarim bilan tanishdim, do‘stlar orttirdim. OTMdagi har bir kunimiz yangi bilimlarni egallash bo‘yicha kuchli bahs-munozaralar bilan o‘tardi.
Inson shakllanishida atrof-muhitning o‘rni katta. Endi meni dunyoning nufuzli universitetlarida o‘qish qiziqtirar, ularda berilayotgan bilimlarni egallash, dunyoning eng bilimli yigit-qizlari bilan bellashish, sohaning kuchli mutaxassisi bo‘lish uchun rivojlangan davlatlar yutuqlarini o‘rganishni istardim. Shu maqsadda AQSHning yigirmadan ortiq nufuzli universitetiga dasturiy ta’minot muhandisligi bo‘yicha hujjat topshirdim. Bu OTMlar talabalikka qabul qilgan bo‘lsa-da, to‘lov-kontrakt qiymati yuqoriligi o‘qishni davom ettirishim uchun eng katta to‘siq edi.
Shunday pallada “El-yurt umidi” jamg‘armasi orzularimni maqsadga, maqsadlarimni esa imkoniyatga aylantirdi. Jamg‘arma stipendiatlarga o‘qish, yashash, ovqatlanish, transport, zarur o‘quv-ilmiy adabiyotlar, tibbiy sug‘urta to‘lovi singari xarajatlarni to‘liq qoplab beradi. Buning uchun jamg‘armaga xalqaro miqyosda e’tirof etilgan, akademik reytingning eng ilg‘or 300 oliy ta’lim muassasasi ro‘yxatidan joy olgan Olbanidagi Nyu-York davlat universiteti (State University of New York at Albany)ga o‘qishga qabul qilinganim haqidagi taklifnoma va talab etilgan boshqa hujjatlarni taqdim etdim. Ochiq saralash tanlovidan muvaffaqiyatli o‘tib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Davlatimizning professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan yangi avlod kadrlarini tayyorlash yo‘lidagi qo‘llab-quvvatlovi AQSHning nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan birida o‘qish baxtiga muyassar etdi.
Bugun mazkur universitetning 2-bosqichini tugatish arafasidaman. Universitetda sharoit juda yaxshi. Darslar kredit-modul tizimida tashkil qilingan bo‘lib, mutaxassislik bo‘yicha egallanishi zarur fanlar taklif etiladi. Talabalar fanlarni erkin tanlaydi. 1-kursda darslar ancha oson edi, ammo semestrdan semestrga o‘tgan sari darslar ham, talablar ham kuchayib boradi. Har kuni kamida 2-3 soat dars qilmagan talaba o‘qishdan orqada qolib ketishi aniq. Uyga vazifa va imtihonlar sanasi oldindan ma’lum qilinadi. Muayyan sanadan keyin topshirilgan uyga vazifalar qabul qilinmaydi. Shuning uchun vazifalarni oldindan bajarib qo‘yishga harakat qilamiz. O‘qituvchi-professorlar darsdan keyin ham talabalarga yordam beradi. Buning uchun qo‘shimcha ish vaqti bo‘ladi. Talabalarda dars bo‘yicha savollar bo‘lsa, ish vaqtiga qarab professorlardan yordam olishi mumkin. Qaysi darslar qaysi vaqtda o‘tilishini talaba hal qiladi. Xohlagan vaqti darsni boshqasiga almashtirish yoki undan umuman, voz kechsa bo‘ladi. Yo‘nalishni ham ixtiyoriga ko‘ra o‘zgartirishi mumkin. Har bir talabaga bitta akademik maslahatchi etib belgilangan. Talaba istalgan vaqtda o‘qish bo‘yicha akademik maslahatchisidan yordam oladi. 3-4-kurslarda darsdan tashqari talabalarning o‘z yo‘nalishi bo‘yicha kompaniyalarda amaliyot o‘tash imkoni ham mavjud.
Davlatimiz yaratgan imkoniyatlarga javoban chuqur bilim olish, o‘z ustimda muntazam ishlab, yuqori natijalarga erishish orqali Vatanimizga xizmat qilishga intilyapman. Bu yo‘lda ba’zi yutuqlarga ham erishyapman. Jumladan, o‘tgan o‘quv yilini a’lo baholar bilan tamomladim va OTMning faxrli talabalari qatoridan joy oldim. Menga ajratilgan vaqt va imkoniyatning qadrini chuqur anglagan holda qo‘shimcha tarzda axborot texnologiyalari bo‘yicha Garvard universiteti onlayn kurslarida o‘qimoqdaman.
Davlatimizning ishonchi va yordami menga kuch, rag‘bat beradi. Buni musofirlikda yurganimda yanada aniq-tiniq his qilaman. Maqsadim axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha yetuk, jahon talablari darajasidagi mutaxassis, salohiyatli kadr bo‘lib yetishish, yuksak bilimli tengdoshlarim bilan birga Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishga hissa qo‘shish. Hozir yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun chet elda o‘qigan va xorij tajribasini egallagan kadrlar zarur ekan, biz, albatta, davlatimiz ishonchini oqlaymiz.
Bekzod ISKANDAROV,
“El-yurt umidi”
jamg‘armasi stipendiati