Oʻzaro muloqot davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻzbek va qirgʻiz xalqlarining farovonligini taʼminlash bosh maqsad ekanligini taʼkidladi.
Bu esa ikki davlatning chegaradosh viloyatlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlanishiga xizmat qilyapti.
19-mart kuni Oʻsh shahri vitse-meri Zamir Yusupov boshchiligida 9 nafar vakillardan iborat delegatsiya Andijon viloyatida boʻldilar. Ularni Xoʻjaobod tumani “Doʻstlik” chegara oʻtkazish postida Andijon viloyati hokimining investitsiya va tashqi savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari B. Xamrayev hamda boshqa masʼullar kutib oldilar.
Delegatsiya aʼzolari oʻrtasidagi muzokaralarda asosan har ikki davlat hokimiyati organlarining oʻzaro aloqalarini, investitsion, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, taʼlim, turizm, sport, arxitektura-qurilish, IT texnologiya va davlat xizmatlarini raqamlashtirish sohalaridagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Hamkorlik doirasida qishloq xoʻjaligi, sanoat va farmatsevtika mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha qoʻshma korxonalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish, savdo uylari, sanoat zonalari va chegaraoldi hududlarda savdo-bozorlarini ochish, ikkala tomonga ham bepul koʻrgazma pavilyonlarini taqdim etish kabi ustuvor vazifalar belgilandi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Andijon viloyati va Qirgʻiziston Respublikasining Oʻsh shahrida toʻqimachilik mahsulotlarining yarmarkalarini oʻtkazishga kelishildi. Qator istiqbolli investitsiyaviy loyihalar ishlab chiqilishi hamda qoʻshma tadbirlarga tayyorgarlikning joriy holati bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi. Jarayonda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi boʻyicha aniq loyihalarni amalga oshirishga kelishildi.