Oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori 3 mlrd 514 mln 200 ming soʻm

    Yashil sayyora 19 Noyabr 2022 1544

    Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi “Iltifot” mahallasi hududidagi qurilish obyektida daraxtlarning noqonuniy kesilayotganligi boʻyicha xabar kelib tushdi.

    Shu maʼlumotga asosan Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Yashnobod tuman hokimligi, tuman prokuraturasi, tuman ichki ishlar boʻlimi hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda oʻrganish oʻtkazildi, deya xabar beradi Davlat ekologiya qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Oʻrganishlar davomida qurilish tashkiloti hududi koʻzdan kechirilganda 16 tup turli qimmatbaho boʻlgan daraxtlarning noqonuniy ravishda tag qismidan kesib tashlangani aniqlandi.

    Ushbu holat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunining 37-moddasi talablari buzilib, oʻsimlik dunyosiga koʻp miqdorda zarar yetkazilgani aniqlandi.

    Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori 3 mlrd 514 mln 200 ming soʻmni tashkil etmoqda.

    Oʻrganish natijasi boʻyicha toʻplangan materiallar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, tuman prokuraturasiga taqdim etildi.