Oʻsimliklar himoyasi sohasi boʻyicha mutaxassislarga sertifikat beriladi

    Agrosektor 15 May 2022 1890

    Vazirlar Mahkamasining “Xususiy sektorda oʻsimliklar himoyasi sohasida xizmat koʻrsatadigan yuridik shaxslar xodimlarining va jismoniy shaxslarning malakasini oshirish hamda ularga sertifikat berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

    Malaka oshirish kurslari shartnoma asosida Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligining Oʻsimliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot institutida belgilangan oʻquv dasturiga muvofiq tashkil etiladi. Ularning davomiyligi 72 soat boʻladi. Kurslar natijalari boʻyicha elektron shaklda sertifikat rasmiylashtiriladi va uch yil muddatga beriladi.

    Qaror bilan quyidagilar belgilandi:

    • malaka oshirish kurslari hamda sertifikat berish maqsadi va vazifalari;
    • kurslarda oʻqishga hujjat topshirish tartibi;
    • malaka oshirish kurslarida taʼlim jarayoni sifatiga qoʻyiladigan asosiy talablar;
    • malaka oshirish kurslari tinglovchilarining huquq va majburiyatlari, ularni oʻqishdan chetlatish asoslari;
    • oʻqitish yakunida malaka imtihonini oʻtkazish va uning natijalariga koʻra tinglovchilarga sertifikat berish;
    • oʻsimliklar himoyasi mutaxassisligi boʻyicha sertifikat berilgan mutaxassislarning davlat reyestrini yuritish qoidalari.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 11.05.2022-yildan kuchga kirdi.