Bugun viloyatning asosiy drayverlaridan biri boʻlgan agrar tarmoq qatorida sanoat, qurilish, xizmat koʻrsatish va boshqa sohalar ham izchil rivojlanib, yangi ish oʻrinlari ochilmoqda.
Bu oʻzgarishlar viloyatning asosiy koʻrsatkichlarida ham oʻz ifodasini topyapti. Jumladan, yalpi hududiy mahsulot 2016-yil 12 trillion 179 milliard soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2024-yil yakunida 40 trillion soʻmdan oshdi. Bu davrda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2 trillion 200 milliard soʻmdan 7 trillion 298 milliard soʻmga yetkazildi.
Viloyatda 2017-yili 25 ming 674 korxona faoliyat yuritgan boʻlsa, oʻtgan yil yakuniga koʻra, ular soni 46 ming 250 tadan oshdi. Qurilish, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish kabi tarmoqlarda ham yirik hajmdagi oʻsish surʼati kuzatilmoqda.
Prezidentimizning Surxondaryoga har bir tashrifini voha ahli koʻtarinki kayfiyatda kutib oladi. Boisi, tashrifdan soʻng yangidan yangi loyihalar hayotga tatbiq etiladi. Aholi farovonlashuviga xizmat qiluvchi qator tashabbuslar ilgari surilib, masʼullarga zarur topshiriqlar beriladi.
Davlatimiz rahbari 2023-yil 16-17-noyabr kunlari viloyatga tashrifi chogʻida iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish yuzasidan masʼullarga qator vazifalarni belgilab berib, aniq yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtgan, jumladan, bunday degan edi: “Surxondaryo viloyatiga investitsiya jalb qilish va sanoatni rivojlantirishdagi eng katta zaxira — bu mavjud konlarni ishga solish”.
Haqiqatan, vohada yer osti va yer usti boyliklari serob. Eʼtibor bering: 2017-yilgacha viloyat hududida 77 ta foydali qazilma koni davlat balansida qayd etilgan boʻlsa, keyingi 7-yilda sohada amalga oshirilgan islohotlar va geologiya-qidiruv ishlari natijasida qoʻshimcha 1 ta qoʻrgʻoshin-rux va 28 ta noruda qazilmaning yangi konlari aniqlanib, jami konlar soni 106 taga yetkazildi.
Konlarni oʻzlashtirish natijasida yangi sanoat korxonalari barpo etilmoqda. Aholini ish bilan taʼminlash, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda mavjud zaxiralardan foydalanish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosi taʼminlanyapti.
Xususan, Termiz tumanida bazalt plita ishlab chiqarishga qaratilgan yirik zavod qurilyapti. Umumiy qiymati 26 million dollarlik mazkur loyiha ishga tushirilishi natijasida 320 ta yangi ish oʻrni ochilishi reja qilingan. Qolaversa, vohaning Oltinsoy tumanidagi bazalt zaxirasidan foydalanib, import oʻrnini bosadigan hamda eksportbop mahsulot ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.
Surxondaryo viloyatining shimoliy qismi maʼdanli konlarga boy togʻli hudud. Hali voha sanoatida boʻy koʻrsatmagan bazalt plita ishlab chiqarish loyihasi uchun zarur xomashyo, yaʼni bazalt toshlarining juda katta zaxirasi Oltinsoy tumanida mavjud.
— Esimni tanibmanki, Oltinsoyning togʻli hududi dehqonchilik va chorvachilikka, pasttekislik qismi bogʻdorchilik va sabzavotchilikka ixtisoslashgan edi, — deydi oltinsoylik iqtisodchi Rustam Qoraboyev. — Ayniqsa, ikki-uch yilda tumanning yer osti boyliklarini oʻzlashtirishga qaratilgan eʼtibor bu yerda ham zamonaviy sanoatni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilab berdi. Iqtisodiyotdagi, salohiyat va imkoniyatdagi uygʻunlashuvdan yuzaga kelgan bu yangilanishlar oltinsoyliklar hayotini oʻzgartirmoqda. Bu kabi qator yangi loyihalar yurt obodligi, xonadonlar fayzi, odamlarning farovon, toʻkin turmushi uchun xizmat qilyapti.
Oltinsoy tumanidagi koʻmir zaxirasi hamda bazalt uchastkasini oʻzlashtirish yuzasidan berilgan tegishli topshiriqlar ijrosi yuzasidan shu kunlarda “Turon eko koʻmir” masʼuliyati cheklangan jamiyati sanoat usulida qiymati 50 million dollarlik koʻmir qazib olish loyihasini amalga oshiryapti. Kon toʻliq ishga tushishi bilan yiliga 360 ming tonna koʻmir qazib olinadi. Mingdan ortiq kishining ish bilan bandligi taʼminlanadi.
Yangi ish oʻrinlari ochish va ishlab chiqarish quvvatini oshirishda togʻ-kon maʼdanlari alohida ahamiyatga ega. Shu bois, Sariosiyo, Oltinsoy va Sherobod tumanlaridagi zaxiralar yangi sanoat quvvatlari uchun zamin boʻlmoqda. Masalan, bazalt, avvalo, ekologik toza mahsulot. Uning afzalligi issiq va sovuqni oʻtkazmasligida. Bundan tashqari, issiqlikni tejash bilan birga ovoz oʻtkazuvchanligi ham juda past va yongʻindan himoya qilish xususiyatiga ega. Mahsulot alohida qayta ishlashni talab etmaydi, kimyoviy bardoshli va uzoq vaqt foydalanishga moʻljallangan. Ushbu material gidrofob. Unga tushgan suv ichkariga oʻtmaydi. Natijada issiqlik saqlash holati ham oʻzgarmaydi. Suvning hajm boʻyicha soʻrilishi 2 foizdan koʻp emas. Shu tufayli uy-joylar, ijtimoiy soha va sanoat obyektlarida undan issiqlik saqlovchi vosita sifatida foydalaniladi.
Bazalt plita ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonada kelgusida 320 dan ortiq kishining bandligi taʼminlanadi. Bu 700 ga yaqin oilaning qozoni qaynaydi, degani. Shuningdek, xorijiy mutaxassislarga mahalliy kadrlarni biriktirib, kelgusida malakali muhandislar tayyorlash ham maqsad qilingan. Korxonaning bir yillik mahsulot aylanmasi qiymati qariyb
20 milliard dollarni tashkil etadi. Oʻz navbatida, mahalliy byudjetga 16 milliard soʻm tushum tushadi.
Korxona Termiz erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgani bois, Prezidentimizning tegishli farmoni bilan qator soliq imtiyozlari berilgan. Bu esa ishlab chiqarish quvvati kengayishi, korxona rivojida muhim oʻrin tutadi.
Davlatimiz rahbarining tashriflar doirasida viloyatdagi “oʻsish nuqtalari”ni belgilab berayotgani hududda qishloq xoʻjaligi bilan birga qurilish, tadbirkorlik, sanoat va boshqa tarmoqlarning ham izchil yuksalishiga xizmat qilmoqda. Sanoat rivojiga qaratilgan yangi loyihalarning qoʻllab-quvvatlanishi hudud iqtisodiyotini mustahkamlash va aholi farovonligini taʼminlashda muhim asos boʻlmoqda.
Sarvar TOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri