Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki Energetika sohasini rivojlantirishda hamkorlik qiladi

    Investitsiyalar 27 Aprel 2023 813

    Joriy yil 26-aprelda Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov va Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonda xalqaro moliya institutlari koʻmagida energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya samaradorligi va energiya tejamkorlik, issiqlik elektr stansiyalari qurish, elektr uzatish tarmoqlarini qurish hamda gidro elektr stansiyalarni taʼmirlash ishlari loyihalarini moliyalashtirish yuzasidan fikrlar almashildi.

    Energetika vazirligi tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan va amalga oshirilishi rejalashtirilgan bir qator loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish yuzasidan takliflar berildi. Jumladan:

    — Qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalarini moliyalashtirish: Qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalari boʻyicha xalqaro kompaniyalar (China Gezhoba Group, CC7, Huaneng, ACWA Power, Masdar) bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, Olmaliq va Navoiy kon metallurgiya kombinatlariga oʻz ehtiyojlari uchun 500-1000 MVt quvvatga ega stansiyalarni davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida qurish rejalashtirilayotganligi;

    — Surxondaryo viloyati (Stoun City)da 1560 MVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasida investorlar Osiyo infratuzilma investitsiyalari bankidan mablagʻ jalb etish imkoniyatini koʻrib chiqayotganligi;

    — Elektr uzatish tarmoqlarini qurish loyihalarini moliyalashtirish: Yangi quvvatlar uchun elektr energiyasini uzluksiz taʼminlash maqsadida 1000 kilometr uzunlikdagi yangi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 5 ta podstansiya qurish boʻyicha “Xian Electric i State Grid – CET” bilan ishlar olib borilayotganligi;

    — Oʻzbekistonda quyosh panellari ishlab chiqarishni moliyalashtirish: “Yashil” iqtisodiyotga oʻtish dasturi doirasida 2022-yilda davlat muassasalari va ijtimoiy soha obyektlari tomlariga umumiy quvvati 49 MVt boʻlgan quyosh panellari va 722,6 million litr hajmdagi quyosh suv isitgichlari oʻrnatildi va “Yashil energiya” ixtisoslashtirilgan korxonasi tashkil etildi. Panellarni oʻrnatishni jadallashtirish, shuningdek, ularning tannarxini pasaytirish maqsadida Oʻzbekistonda quyosh panellari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalasi ham koʻrib chiqilayotganligi;

    — Zarafshon GESining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun mablagʻ ajratish: Oʻzbekiston va Tojikiston Respublikalari hukumatlari oʻrtasida Tojikiston Respublikasi hududida Zarafshon daryosida gidroelektr stansiya qurilishini oʻrganish va loyihaning yangilangan texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish uchun grant mablagʻlarini jalb etish boʻyicha faol ish olib borilayotganligi masalalari aytib oʻtildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov va Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki rahbariyati oʻrtasida joriy yil

    12-yanvarda Zoom platformasi orqali onlayn va Oʻzbekiston delegatsiyasining Xitoyga tashrifi doirasida 20-fevralda Bankning Pekindagi shtab-kvartirasida uchrashuvlar boʻlib oʻtgan edi.