O'tgan hafta ana shu vazifa bajarildi. Ya'ni, Hisob palatasi Osiyo Oliy audit organlarining xalqaro tashkiloti (ASOSAI) Boshqaruv kengashining 58-uchrashuvida ushbu tashkilot tarkibiga to'laqonli a'zo sifatida qabul qilindi.

Bu haqda palata Matbuot xizmati xabar qilishicha, ASOSAI 1979-yilda tashkil etilgan bo'lib, hozirda uning tarkibiga 46 ta mamlakat oliy audit organlari kirgan. Ya'ni Osiyoning deyarli barcha mamlakatlari unga a'zo bo'lgan.

Ushbu nufuzli tashkilotning asosiy maqsadi – a'zo mamlakatlar orasida davlat auditi sohasida fikr va tajriba almashish, qo'shma ilmiy loyihalar va nazorat tadbirlari doirasida hamkorlik qilish, sifat va samaradorlikni oshirish maqsadida davlat auditorlarining doimiy malakasini oshirish imkoniyatlarini ta'minlashdan iborat.

ASOSAI tashkilotiga a'zo bo'lish, bu — avvalambor, O'zbekiston Respublikasining ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga asoslanib, xalqaro hamjamiyat bilan konstruktiv muloqoti mahsulidir.

Tashkilotga a'zolik O'zbekistonda tashkil qilingan davlat moliyaviy nazorati tizimi uchun bir qator tizimli afzalliklar beradi, xususan:

  • uning salohiyatini rivojlantirish va samaradorligini oshirish;
  • davlat sektorini samarali nazorat qilishning yangi standartlarini o'zlashtirish;
  • ilg'or g'oyalar va xorijiy tajriba almashish;
  • xalqaro hamjamiyat doirasida e'tirof etilgan jamoatchilik ovoziga ega bo'lish.

Mazkur standartlar mamlakatimizda moliyaviy nazorat jarayonining shaffofligini oshirish va auditorlik faoliyati sifatini ta'minlashga xizmat qiladi. Natijada, bu davlat moliyaviy nazorati organlari hamda audit natijalariga nisbatan keng jamoatchilik ishonchining oshishiga olib keladi.

Hisob palatasi ASOSAIga a'zo bo'lgan davlatlar oliy audit organlari bilan hamkorlikni kengaytirib, uni yangi bosqichga olib chiqishni rejalashtirgan.