Martabali mehmonni MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov qarshi olishdi.

Dastavval MOQ rahbariyati mehmonlarni Qoʻmita faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi va ularga oʻzbek sportining shonli tarixi haqida gapirib berdi. Shundan soʻng reja boʻyicha, bir qator masalalar muhokamasiga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Qayd etish joiz, Al Sabahga ushbu konfederatsiya Bosh kotibi Duayj Al Otaybi hamrohlik qildi. Shuningdek, uchrashuvda Oʻzbekiston oʻq otish federatsiyasi raisi Oybek Norinboyev ham qatnashdi. Soʻz avvalida Rustam Shoabdurahmonov Al Sabahning tashrifidan mamnun ekanligini bildirib oʻtdi.

Oʻz oʻrnida martabali mehmon ham yangi gʻoya va rejalarni amalga oshirishda yordam berishga tayyor ekanini bildirib oʻtdi.

“Oʻzbekistonda boʻlish men uchun sharaf. Ilk bor 2006-yil mamlakatingizga kelgan edim. Hozir Oʻzbekistonning taraqqiyoti ulkan darajada oʻsgan. Darhaqiqat, qurilayotgan yangi oʻq otish markazi menda iliq taassurot qoldirdi. Uning imkoniyatlari har tomonlama yuqori ekanini bilib olish qiyin emas. Kelgusida oʻzbekistonlik sportchi va murabbiylarning malakalarini oshirish uchun yordam berishga tayyormiz”, – dedi Al Sabah janoblari.

Samimiy ruhda oʻtgan suhbat davomida mamlakatimizda oʻq otish sportini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish, Toshkentda koʻplab xalqaro tadbirlarni tashkil etish kabi istiqbolli masalalar muhokama qilindi, deb xabar beradi Milliy Olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.