— Dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan mamlakat sifatida Oʻzbekiston mintaqalararo oʻzaro bogʻliqlikni transport siyosatining markaziy elementiga aylantirdi, — dedi OTB transport boʻyicha katta mutaxassisi Pavan Karki. — Ushbu loyiha iqtisodiy oʻsishga xizmat qilgan holda Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyo oʻrtasidagi mintaqaviy transport-logistika markazi sifatida mamlakat salohiyatini rivojlantirishga yordam beradi.
Loyiha doirasida Qoraqalpogʻistondagi Gʻuzor- Buxoro- Nukus- Beyneu avtomobil yoʻlining 240 kilometrlik qismi ikki qator sement-beton yoʻlga qayta taʼmirlanishi, shu jumladan, qishloqlarni avtomagistral bilan bogʻlaydigan kirish yoʻllariga aylantirilishi koʻzda tutilgan. Ushbu avtomagistral mintaqadagi muhim savdo yoʻllaridan biri boʻlib, Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining 2-Koridori qismi hisoblanadi.
U tarkibiga asrning oxiriga kelib harorat deyarli 5ºS ga koʻtarilishi kutilayotgan Qoraqalpogʻistonning quruq iqlimi uchun mos boʻlgan iqlim oʻzgarishiga bardoshlilik elementlarini oʻz ichiga oladi. Bundan tashqari, loyiha doirasida ayollar uchun alohida sanitariya inshootlari joylashgan beshta dam olish bekatlari, shuningdek, bozor pavilyonlari barpo etiladi. Ularning 50 foizi tadbirkor ayollar uchun ajratiladi.
Yoʻl harakati samaradorligi va xavfsizligini oshirish uchun ushbu loyiha Transport vazirligiga Oʻzbekistondagi eng serqatnov yoʻl qismlaridan biri boʻlgan Toshkent- Namangan yoʻlining 100 kilometrlik uchastkasida intellektual transport tizimini oʻrnatishga yordam beradi. Tizim real vaqt rejimida transport va yoʻl sharoitlarini kuzatib boradi.
Yoʻl tarmogʻidagi ortiqcha transport vositalari va yoʻl qoplamasi buzilishining oldini olish maqsadida milliy yoʻllar tarmogʻining baʼzi qismlarida harakatlanayotgan transport vositalarining vaznini aniqlash uchun ikkita avtomatlashtirilgan stansiyalar oʻrnatiladi.
OTB Oʻzbekistonning avtomobil infratuzilmasi va temir yoʻl transportiga 1,3 milliard dollar sarmoya kiritdi. Avtomobil tarmogʻi mintaqaviy aloqa uchun oʻta muhim sanaladi, deb xabar beradi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi matbuot xizmati.









