Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sud raisi K. Komilov Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarining Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi raisi V. Lebedev raisligida videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilgan oʻn birinchi Xalqaro yuridik forumi ishida ishtirok etdi.

Tadbirda Vyetnam Sotsialistik Respublikasi, Hindiston Respublikasi, Indoneziya Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Kambodja Qirolligi, Xitoy Xalq Respublikasi, Koreya Xalq-Demokratik Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Mongoliya, Myanma Ittifoqi Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tailand Qirolligi, Oʻzbekiston Respublikasi va Filipinn Respublikasi Oliy sudlari raislari va sudyalari ishtirok etdi.

Forumda Osiyo-Tinch okeani mintaqasida odil sudlov va iqtisodiy integratsiyaning rivojlanishiga doir masalalar muhokama qilindi. Shu oʻrinda tadbir ishtirokchilari iqtisodiy nizolarni hal qilish va intellektual huquqlarning sud himoyasi bilan bogʻliq masalalarga eʼtibor qaratishganini ham qayd etish joiz.

Jumladan, delegatlar chet davlat sudlari va arbitraji qarorlarini tan olish va ijroga qaratish, nizolarni hal etishning muqobil usullari, iqtisodiy nizolar boʻyicha sud himoyasining tezkor vositalari, taʼminlash choralarini qoʻllash, tashqi iqtisodiy nizolarni hal etish uchun ixtisoslashgan sudlov, transchegaraviy nizolarni hal etish, chet ellik shaxslar bilan bogʻliq nizolarni hal etishda ishtirokchi davlatlar Oliy sudlari oʻrtasida xalqaro-huquqiy yordamning sudlov platformasini yaratish va shakllantirish masalalari yuzasidan oʻz mamlakatlari tajribasi bilan boʻlishishdi.

Bundan tashqari forum ishtirokchilari patentlangan texnologiyalarga adolatli, aqlli va tahqirsiz erishishni taʼminlash, sunʼiy intellekt texnologiyalarini aylanishi va qoʻllanilishi boʻyicha transchegaraviy nizolar, kontrafakt mahsulot aylanishiga qarshi kurashda sudlarning roli, tibbiyot sohasidagi patent nizolari va mintaqa davlatlarida parallel importga oid nizolar boʻyicha oʻz amaliyotlarini bayon etishdi.

Oʻz navbatida, K.Komilov forum qatnashchilariga davlatimiz investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xususan, investor va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatli sud himoyasini yanada takomillashtirishga qaratilgan islohotlar yuzasidan axborotni taqdim etdi.

Shuningdek, mamlakatimizda tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari, Oliy sudda jismoniy va yuridik shaxslar oʻrtasida yuzaga keladigan investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni koʻrishga ixtisoslashgan sudlov tarkibining tashkil etilgani sud himoyasiga erishish darajasini yanada oshirgani qayd etildi.

Taʼkidlandiki, bu islohotlar mohiyat-eʼtibori bilan sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, investorlar, tadbirkorlar va fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali taʼminlash, odil sudlovga erishish darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Oliy sudi raisi tomonidan qayd etilganidek, Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi davlatlar bilan oʻzaro manfaatli, sermahsul va koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish mamlkatimiz tashqi siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biridir.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi

Jamoatchilik va

ommaviy axborot vositalari

bilan aloqalar boshqarmasi