Abdulaziz Hamroyev. Bugun, ushbu nomni qorakoʻlliklarning koʻpchiligi bilishadi. Sababi, aynan shu yosh yigitcha dunyoning koʻzga koʻringan mamlakatlari sportchilariga vatanimiz madhiyasini tinglashga majbur qildi, yurtimiz bayyorgʻini Osiyo arenalarida baland koʻtardi.
Sababi, Qorakoʻl tumani, Ziyorat mahallasida istiqomat qiluvchi Abdulaziz Hamroyev joriy yilning 17-21-mart kunlari Tojikiston Respublikasi Dushanbe shahrida kurash boʻyicha kattalar oʻrtasida Osiyo chempionatida ishtirok etdi. Oʻz tarixida oʻn birinchi marotaba oʻtkazilgan hamda qitʼaning 26 ta davlati kurashchilari ishtirok etgan mazkur chempionatda mamlakatimiz terma jamoasi ham munosib ishtirok etdi.
Oʻzbekiston kurash terma jamoasi 7 ta oltin, 4 ta kumush, 3 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egalladi. Quvonarlisi, terma jamoa safida qorakoʻllik sportchi Abdulaziz Hamroyev 60 kg vazn toifasida bahslarda ishtirok etib, yakunda kumush medalni qoʻlga kiritdi. Yurtimizga chempion boʻlib qaytgan yosh sportchi keng jamoatchilik tomonidan katta tantana bilan kutib olindi.
Xususan, A.Hamroyevning xonadonida tuman rahbari Xurshid Toxirov va yosh sportchilar, madaniyat xodimlari, tuman Sport boʻlimi xodimlari, mahalladoshlariyu qarindoshlari, umuman, karnay-surnay ovozini eshitib kelgan yaqinlari jam boʻlishdi.
Kutib olish marosimida Abdulazizni barcha tabriklab, birga rasmga tushdi. Sportchining yutuqlaridan barcha xursand. Abdulazizga tuman hokimligi tomonidan sovgʻalar taqdim etildi. Tuman hokimi Abdulaziz Hamroyev va uning ustozi Oxun Samandarovga sovgʻalarni topshirar ekan, uni samimiy tabrikladi va uni tarbiyalab, kamolga yetkazgan ota-onasiga esa rahmatlar aytdi.
Tadbirga yigʻilganlar sportchining kelgusida Olimpiya va jahon chempioni ham boʻlishini soʻrab duoga qoʻl ochdilar. Darhaqiqat, yurtimiz nomini dunyo maydonlarida keng tarqatuvchi mana shunday barkamol yoshlarimiz koʻpayaversin.
Qorakoʻl tumani hokimligi matbuot xizmati