Mazkur holat boʻyicha Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti kichik ilmiy xodimi Kamoliddin Ergashev maʼlumot berdi.
Atilishicha, Margʻilonda va Samarqandda olingan videomateriallardagi jismlarning uchish vaqti bir boʻlsa-da, ularning har ikkisi bir obyektga tegishliligi haqida qatʼiy xulosa chiqarilmagan. Sababi Margʻilonda olingan videodagi jism qoʻshaloq va ortidan oʻziga xos ingichka va xira iz qoldirmoqda. Samarqandda olingan video sifati esa yuqoridagi faktlarni tasdiqlash imkonini bermaydi.
"Agar bu obyektlarni ortidagi xira izdan kometa va uning dumi deb tavsiflashga harakat qilinsa, uning videomaterialdagi nisbiy tezligiga koʻra bu mumkin emas. Chunki kometa atmosferadan tashqarida va ancha uzoqda boʻlganligi sababli bunday katta koʻrinma burchak tezlikda harakatlana olmas edi. Agar Yerga juda yaqin kometa deb tasavvur qilinsa, bunday kichik oʻlcham bilan u ortidagi dumini oʻz gravitatsion maydonida tutib tura olmas edi.
Videomaterialdagi jismlarning yorqinligi fluktuatsiyalanuchi yoki portlovchan emas, harakati davomida deyarli oʻzgarmas yorqinlikdali boʻlgani tufayli bu jismlarni Yer atmosferasiga kirib kelgan meteor deb sifatlash ham imkonsiz. Bundan tashqari, uning koʻrinma burchak tezligi meteor uchun juda kichiklik qiladi. Umuman olganda videomateriallarning sifati va ulardagi dalillar bu obyektlarning tabiati haqida xulosa berishga yetarli emas", deydi olim.