“Osmoni falaklarda”gi nafis majlis

    Taniqli yozuvchi Xayriddin Sultonning uchuvchilar hayotiga bagʻishlangan kitobi chop etildi.

    Bugungi kunda yangi Oʻzbekistonda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha jabhalar qatori ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat, sanʼat va adabiyot, jumladan, kitob va kitobxonlik masalalariga yuksak eʼtibor qaratilayotgani jamoatchiligimizga yaxshi maʼlum.

    Xususan, jamiyatimizda aholining madaniy saviyasi va mutolaa madaniyatini yuksaltirishga doir muhim hujjatlar ijrosini taʼminlash yuzasidan boshlangan katta ishlar, milliy dasturlar izchil davom ettirilmoqda.

    Yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targʻib qilish vazifasi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri sifatida belgilangani ham ushbu masalaga qanchalik jiddiy eʼtibor qaratilayotganini koʻrsatadi.

    Ayni shu ezgu maqsadda mamlakatimiz miqyosida “Yosh kitobxon”, “Zukko kitobxon”, “Yosh kitobxon oila” singari qiziqarli tanlovlar, “Yoshlar uchun ming kitob”, “Maʼrifat ulashib”, “Kitob karvoni” aksiyalari, kitob bayramlari va yarmarkalari muntazam tashkil qilinmoqda.

    Yaqinda Fargʻona viloyatida Xalqaro kitobxonlik festivali yuksak saviyada tashkil etilib, unda dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidan kitobsevarlar, taniqli shoir va yozuvchilar, ziyolilar ishtirok etgani yana bir muhim voqea boʻldi.

    Hozirgi kunda respublikamizda 600 dan ziyod nashriyot, 700 ga yaqin kitob doʻkonlari, shu bilan birga, kitob yetkazib berish xizmatlari hamda onlayn savdo platformalari faoliyat yuritmoqda.

    Bularning barchasi Oʻzbekistonda kitobxonlik davlat eʼtiboridagi masala boʻlib, mutolaa madaniyatini yuksaltirish umummilliy harakatga aylanayotganidan dalolat beradi.

    Ayni paytda zamonaviy oʻzbek adabiyoti ham sezilarli yuksalish bosqichiga qadam qoʻyganini yaratilayotgan yangi-yangi badiiy asarlar misolida koʻrish mumkin.

    Kuni kecha poytaxtimizdagi muhtasham “Renessans” sanʼat saroyida mana shunday oʻziga xos asarlardan biri — “Osmoni falaklarda” nomli yangi kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Taniqli yozuvchi Xayriddin Sulton qalamiga mansub ushbu kitob oʻzbek adabiyotida deyarli yoritilmagan mavzu — uchuvchilar hayotiga bagʻishlanadi. Majoziy maʼnoda “samo lochinlari” deb ataladigan mashaqqatli kasb egalarining muntazam mardlik va matonat talab etadigan faoliyati, ularning favqulodda holatlardagi qalb kechinmalari, qatʼiyat va irodasi, sevgi va burchga sadoqat tuygʻulari chuqur dramatizm bilan tasvirlanadi.

    Kutilmagan, shiddatli voqealarga boy, keskin syujet yoʻnalishiga ega hikoyalarda bosh qahramonlarning maʼnaviy jasorati va insoniy ojizliklari, odamzod ruhiyatining sirli jumboqlari betakror xarakterlar timsolida namoyon boʻladi.

    Taqdimot marosimiga buyuk adibimiz Abdulla Qodiriyning “Modomiki, biz yangi davrga oyoq qoʻydik, bas, biz har bir yoʻsunda ham shu ‎yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va yangarishgʻa oʻzimizda majburiyat his etamiz”, degan soʻzlari bosh gʻoya sifatida tanlanganida chuqur ramziy maʼno bor.

    Tadbir biz oʻrgangan, koʻnikkan odatdagi kitob taqdimotlaridan mutlaqo boshqacha, yangicha shakl va noanʼanaviy yoʻsinda tashkil etilganini alohida taʼkidlash joiz.

    Teatrlashtirilgan sahnalar, nasriy, sheʼriy va musiqiy talqinlar, kinolavhalar yigʻilganlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

    Taqdimot Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Uzbekistan airways” kompaniyasi va Badiiy akademiya hamkorligida tashkil etildi.

    Mavzu va voqelikka yondashuv, shakl-shamoyil jihatidan ham yangicha talqinga ega ushbu kitob “Adabiyot” nashriyoti tomonidan chop etilgan.

    Oʻz muxbirimiz