Ostona shahrida Oʻzbekiston va Qozogʻiston parlamentlari aʼzolarining konstruktiv muloqoti boʻlib oʻtdi

    Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasining Qozogʻiston Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva va Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga doir keng koʻlamli masalalar, shuningdek, siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va mintaqaviy sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari muhokama etildi.

    Suhbat chogʻida ikki davlat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli Oʻzbekiston-Qozogʻiston munosabatlari har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga koʻtarilgani taʼkidlandi.

    Parlamentlararo munosabatlar ham ikki tomonlama, ham koʻp tomonlama shaklda yangi bosqichga koʻtarilgani taʼkidlandi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining Ikkinchi parlamentlararo forumi yakunlari va Qozogʻiston delegatsiyasining Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasida ishtiroki yuqori baholandi.

    Navbatdagi majlisi joriy yilning toʻrtinchi choragida Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan ikki mamlakat Senatlari oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha parlamentlararo komissiyaning samarali faoliyati qayd etildi.

    Shuningdek, tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Barqaror rivojlanish sohasidagi maqsad va vazifalar amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi hamda Qozogʻiston Respublikasi Parlamentining shunday komissiyasi oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi.

    Uchrashuv yakuni boʻyicha parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish va xalqaro maydonda qoʻshma tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senati oʻrtasida 2025-2026-yillarga moʻljallangan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” imzolandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.