Оta bolasining buzilgan huquqlarini tiklashda Ombudsmandan yordam soʻradi

    Bolalar ombudsmaniga Toshkent shahar, Yunusobod tumanida yashovchi I.K. (erkak) bolasining buzilgan huquqlari tiklanishida yordam soʻrab murojaat qildi.

    Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.

    Qayd etilishicha, I.K. ning voyaga yetmagan oʻgʻli Ya.K. (2016-yilda tugʻilgan) Toshkent shahridagi Mirobod tumani MTT tarbiyalanuvchisi ekanligi, 2022-yilda tarbiyachi oʻgʻliga qizlar kiyimini kiydirib, lab va yuzlarini boʻyab, ayollar raqsini ijro ettirgani, bu bilan oʻgʻlining shaʼni va qadr-qimmatini kamsitgani, bunday sahna koʻrinishlari haqida uni ota sifatida ogohlantirmay, ruxsatini olishmagani, bu voqeadan “Telegram” ijtimoiy tarmogʻi orqali unga kelgan foto va video tasvirlardan xabar topganligini bildirib, bolasining buzilgan huquqlari tiklanishida yordam soʻragan.

    Bolalar ombudsmani soʻrovi asosida mazkur holat Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan oʻrganildi.

    Oʻrganish natijalariga koʻra, Ya.K. qatnashgan tadbirda sahna koʻrinishini tashkillashtirgan tarbiyachi X.Q. ekanligi va bolaga oid bu sahna xususiyatlari yuzasidan otadan ruxsat olmagani aniqlanib, tarbiyachiga nisbatan Mehnat Kodeksining 157-moddasi (Mehnat shartnomasini taraflarning kelishuviga koʻra bekor qilish) bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.