Ota qizining davolanishi uchun ajratilgan pullarni oʻzlashtirib yuborgani aniqlandi

    Bolalar ombudsmani Kotibiyatiga Buxoro viloyati Romitan tumanida yashovchi fuqaro Sh.M. (ayol kishi) dan murojaat kelib tushdi.

    Murojaatda Sh.M. 2018-yilda tugʻilgan qizi M.M. Respublika bolalar onkologiya va gematologiyasi markazida davolanayotganligini, bolaning otasi T.J. qizni davolatishdan bosh tortib, moddiy taʼminot bermaganligini, aksincha ota bolaning davolanishi uchun “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasidan ajratilgan pulni oʻzlashtirganligini bildirgan.

    Bundan tashqari, ayol ota farzandi va unga ruhiy tazyiq oʻtkazayotganligi, bu esa bolaning ruhiyatiga salbiy taʼsir qilganini bildirib, uni va farzandini otasining tazyiqlaridan himoya qilishda yordam soʻragan.

    Bolalar ombudsmanining Ijtimoiy himoya milliy Agentligi va Ichki ishlar vazirligiga kiritgan soʻroviga asosan mazkur holat Gʻijduvon tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi hamda tuman IIB tomonidan oʻrganildi.

    Oʻrganish natijasida fuqaro Sh.M. va voyaga yetmagan M.M. ga 1 oy muddatga himoya orderi rasmiylashtirilib, otaning ruhiy zoʻravonlik harakatlariga chek qoʻyildi.