Oʻzbekiston milliy termasi va Turkiyaning “Fotih Karagyumruk” klubi yarim himoyachisi Otabek Shukurov qoʻhna qitʼaga yoʻl olishi mumkin. SportItalia nashri xabariga koʻra, unga Italiyaning “Jenoa” klubi qiziqish bildirmoqda.
Genuya klubi oʻtgan mavsum yakuniga koʻra A Seriyaga qaytganidan xabaringiz bor. Jamoa murabbiyi Alberto Jilardino tarkibni kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston milliy jamoasining 27 yoshli yarim himoyachisini klubga taklif qilmoqchi.
Agar bu ish amalga oshsa Yevropaning kuchli beshlik chempionatida toʻp surayotgan futbolchilarimiz soni uchtaga yetadi. Hozir Eldor Shomurodov Italiyaning “Kalyari”, Abduqodir Husanov esa Fransiyaning “Lans” klubida oʻynayapti.
Eslatib oʻtamiz, O. Shukurov oʻtgan mavsum Turkiya Superligasida 28 oʻyinda maydonga tushib, bitta gol urgan va bitta golga assistentlik qilgan.









