Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonning elektr uzatish tarmog‘ini takomillashtirish uchun 125 million AQSH dollari miqdorida zayom ajratishni ma’qulladi.
“Dekarbonizatsiya sari raqamlashtirish – Elektr uzatish tarmoqlarini takomillashtirish” loyihasi doirasida yetti viloyatda – ya’ni Buxoro, Farg‘ona, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida umumiy uzunligi qariyb 359 kilometr bo‘lgan 12 ta elektr uzatish liniyalari rekonstruksiya qilinadi.
Bundan tashqari loyiha Fayzobod, Obihayot, Zafar va Zarafshonda 220 kilovolt quvvatli to‘rtta podstansiyaning rekonstruksiya va modernizatsiya qilinishini moliyalashtiradi.
– Ushbu loyiha O‘zbekistonning ishonchli va arzon elektr energiyasiga bo‘lgan ortib borayotgan talabini qondirishga yordam beradi va shu bilan birga mamlakatning yashil va past uglerodli iqtisodiyotga o‘tishini qo‘llab-quvvatlaydi, — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov. – Milliy tarmoqni modernizatsiya qilish davlat va xususiy sektorning qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini to‘ldiradi va barcha uchun energiyadan yaxshiroq foydalanishni ta’minlashga yordam beradi.
Loyiha doirasida eski texnologiyalarni zamonaviy hamda dispetcher boshqaruvi va ma’lumotlarni to‘plash (SCADA) tizimiga ulash imkoni bo‘lgan yuqori voltli liniyalar va podstansiyalarga almashtirish orqali elektr uzatish tarmog‘i raqamlashtiriladi. Bu dispetcherlik markaziga masofadan turib boshqarish va real vaqtda va tarixiy ma’lumotlarni olish imkonini beradi. “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasi elektr ta’minotini yaxshiroq boshqarish va tarmoqda qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish quvvatini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
– Uzilishli qayta tiklanadigan energiya ta’minotini samarali boshqarishga qodir bo‘lmagan qo‘lda boshqariladigan tizimdan voz kechish qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali energetik o‘tish uchun juda muhimdir, – dedi OTBning Energetika bo‘yicha mutaxassisi Nana Gurgenidze. – Bundan tashqari, tarmoqni raqamlashtirish va iqlimga o‘zgarishiga chidamli texnologiyalarni joriy qilish rejalashtirilmagan uzilishlarni kamaytirishga va tarmoq samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Shuningdek, loyiha “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasining korporativ boshqaruv va loyihalarni boshqarish sohasidagi salohiyatini mustahkamlaydi. Loyiha gender masalalari hisobga olingan strategik rejalar va siyosatlarni ishlab chiqishga, shuningdek, himoya choralari va moliyaviy boshqaruv bo‘yicha salohiyatni oshirishga yordam beradi.
O‘zbekiston OTBga 1995 yilda a’zo bo‘lgan. O‘shandan beri bank mamlakatga 10,8 milliard AQSH dollari miqdorida qarz, grant va texnik ko‘mak ajratgan.
OTB o‘ta qashshoqlikka barham berish bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettirib, rivojlangan, keng qamrovli va barqaror Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga erishishga intiladi.
OTB 1966 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 68 mamlakat a’zo bo‘lgan. Ularning 49 tasi mintaqada joylashgan.