Tadbir Oʻzbekiston Otelyerlar Assotsiatsiyasi tomonidan Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi koʻmagida oʻtkaziladi.
2021-yilda turizm sohasi oldida qilinishi kerak boʻlgan koʻplab vazifalar bor: mamlakatga kelayotgan sayyohlar oqimini oshirish, sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilish, yangi mehmonxonalar va dam olish zonalarini qurish, personal tayyorlash, biznes jarayonlarga ilgʻor raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish va h.k.
Tadbir mehmondoʻstlik sohasidagi dolzarb tendensiyalarni muhokama qilish uchun muhim maydon boʻlib xizmat qiladi hamda xalqaro darajadagi yetuk mutaxassislarni oʻzida jamlaydi.
“Hotel Business Forum – 2021”ning spiker va moderatorlari otelyerlar, turoperatorlar, marketologlar va IT-kompaniyalar vakillari boʻlib, ular inqirozni yengib oʻtishga doir eng yaxshi keyslarni soʻzlab berishadi. Forum doirasida mehmondoʻstlik industriyasidagi yangi mukofot — Oʻzbekiston mehmondoʻstligi milliy mukofoti taqdim etiladi. Ushbu mukofot har yili turli toifalardagi eng yaxshi mehmonxonalarga topshiriladi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.