Taʼkidlanishicha, 4-fevral holatiga mamlakat sugʻurta bozorida rasmiylashtirilgan 74 mingdan ziyod elektron polislarning 30 ming 504 tasi (41%) “Uzinsurance” hissasiga toʻgʻri keladi. 2021-yil davomida taʼminlangan sugʻurta mukofotlari 44,5 milliard soʻm aholi sugʻurtasi hissasiga toʻgʻri keladi. Qishloq xoʻjaligini sugʻurtalash boʻyicha 2 milliard soʻm, qolgan 214 milliard soʻmlik sugʻurta tushumlari boshqa sugʻurta turlari boʻyicha amalga oshirilgan.
Aytish joiz, 2021-yilda aholi manfaatlariga xizmat qiladigan yangi turdagi sugʻurta mahsulotlari amaliyotga joriy qilindi. Xususan, fuqarolarning sogʻligʻi bilan bogʻliq boʻlgan sugʻurta mahsuloti yaʼni, ularga vaksinatsiya jarayonida chin maʼnoda tirgak boʻlishi uchun yangi sugʻurta turi ishlab chiqildi. Ushbu sugʻurta polisi amal qilish davrida sugʻurtalangan shaxsning “COVID-19» vaksinatsiyasi doirasida qabul qilgan, rasman hujjatlashtirilgan vaksinaning salbiy oqibatlari natijasida yuz berishi mumkin boʻlgan salbiy hodisalardan moliyaviy himoyalashni nazarda tutadi.
Kompaniya 2021-yilda sugʻurtaning ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda oʻz faoliyatini mahallabay ishlash yoʻnalishiga qaratdi. Jumladan, kompaniya xodimlari aholi xonadonlariga kirib, ularning talab va istaklarini oʻrgandi. Maqsad birinchi navbatda fuqarolarning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin, mushkulini oson qilish. Bunda asosiy eʼtibor daftarlarga kiritilgan fuqarolarga qaratildi. Mahallabay ishlash, har bir xonadonning talab va istaklarini oʻrganish, ularni turli moliyaviy xatarlardan ishonchli himoya qilish kompaniya faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi.
Bugun barcha sohalar qatori sugʻurta yoʻnalishida ham zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish va shu orqali mijozlarga qulayliklar yaratishga eʼtibor yanada kuchaydi. “Uzinsurance” kompaniyasida ham bugungi kunda xalqimiz orasida ommabop hisoblangan sugʻurta turlarining onlayn shakli amaliyotga tatbiq etildi. Xususan, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish, avtotransport vositasiga oʻrnatilgan gaz uskunalaridan foydalanish oqibatida yuz berishi mumkin boʻlgan qaltisliklardan sugʻurta qilish, aholi turar-joy imoratlari va uy-roʻzgʻor buyumlarini kompleks sugʻurta qilish, baxtsiz hodisalardan ehtiyot shart sugʻurta qilish va yuqumli kalliklardan ehtiyot shart sugʻurta qilish kabi sugʻurta turlari boʻyicha Ye-polis taqdim etilayotgani shular jumlasidandir. Yana bir maʼlumot. Joriy yilning 5-fevral holatiga mamlakat sugʻurta bozorida rasmiylashtirilgan 74 mingdan ziyod elektron polislarning 30 ming 504 tasi yaʼni, 41 foizi “Uzinsurance” hissasiga toʻgʻri keldi.
Yana bir muhim jihat, mamlakat sugʻurta bozorining yetakchi ishtirokchilaridan biri ““ Uzinsurance ” faoliyati samaradorligini taʼminlash, yangi innovatsiyalarni joriy etish, nafaqat mahalliy, balki xalqaro sugʻurta bozorida ham teng raqobatga kirisha olish hamda davlat kafolatisiz xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tarkibiy islohotlarni amalga oshirdi. Ushbu saʼy-harakatlarning samarasi sifatida kompaniya ketma-ket uchinchi yil «Fitch» xalqaro reyting agentligi tomonidan «BB–” barqaror reytingiga ega boʻldi.