Masalan, 2016-yilgacha jami 2 ming nafar maktab oʻquvchisi sertifikat olgan edi. Oʻtgan yili birgina xorijiy tillarning oʻzidan 150 ming yoshlarimiz xalqaro sertifikatga ega boʻldi.
Endi bunday sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham tan olinishi aytildi.
«Bugungi tadbirimizda oʻzi yosh boʻlishiga qaramasdan, yuzlab oʻgʻil-qizlarimizni yuqori marralarga yetaklayotgan kogonlik qizimiz Billura Ikramova ham qatnashyapti.
Billura qizimiz top-200 talikka kiradigan Buyuk Britaniyaning Reding oliygohini bitirib, katta-katta idoralardan boʻlgan takliflarni rad etib, Romitanning eng chekka qishlogʻidagi maktabda ingliz tilidan dars bermoqda.
Yoki Oksford universiteti doktoranti Nodira Nabiyeva eshitish qobiliyatini yoʻqotgan oʻquvchilarga ingliz tilini oʻrgatish boʻyicha innovatsion metodika yaratdi. Germaniya va AQSHdagi oliygohlarning professor-oʻqituvchilari bu metodikadan foydalanayotgani bizni quvontiradi.
Eng katta niyatim, maqsadim – taʼlim va yana bir bor taʼlimga eʼtibor berib, bunday isteʼdodli va fidoyi yosh oʻqituvchilarimiz safini kengaytirish. Buning uchun har qanday sharoitlarni yaratib berishga tayyorman», – dedi Prezident.








