Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi Siyosiy byurosi aʼzosi, Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni Partqoʻmi kotibi Ma Sinjuy boshchiligidagi ikki mamlakat delegatsiyalarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Dastlab, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin hamda SHUAR Partqoʻmi kotibiga yoʻllagan samimiy salomlari va ezgu tilaklari yetkazildi.
Xitoy Oʻzbekistonning ishonchli, vaqt sinovidan oʻtgan strategik hamkori ekani, ikki tomonlama aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani taʼkidlandi.
Bunda, Mamlakatlar yetakchilari oʻrtasidagi yaqin, ishonchli va samimiy birodarlik rishtalari muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Uchrashuvda tomonlar savdo, investitsiyaviy va texnologik hamkorlik rivojlanib borayotgani, infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi, “yashil” energiya sohalarida yangi loyihalar amalga oshirilayotgani natijasida oʻtgan yili tovar ayirboshlash hajmi 13 milliard dollardan oshganini bildirib, Davlatlarimiz Rahbarlari tomonidan belgilab berilgan 20 milliard dollarlik koʻrsatkichga erishish uchun barcha imkoniyatlarga mavjudligini taʼkidladi.
Savdo-sanoat, transport-logistika, energetika, qishloq xoʻjaligi, turizm va taʼlim sohalarida koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.