Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xabar berishicha 2022-yil davomida daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bogʻliq 4599 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, ularga nisbatan 7,3 milliard soʻm maʼmuriy jarima va 10 milliard soʻm tabiatga zarar belgilangan.

Shu jumladan, oʻtgan yilda jami 1777 tup qimmatbaho va koʻp yillik daraxtlar kesilgan. Vaziyat tahlil etilganda, qurilish obyektlari atrofini oʻrab olish natijasida daraxtlarning qarovsiz qolishi, shikastlanishi va nobud boʻlish holatlari sodir etilayotgani aniqlangan.

Bundan tashqari, masʼullar tomonidan Toshkent shahridagi qurilish obyektlari xatlov qilinganida yer ajratish bilan bogʻliq 2019-yilda 235 ta, 2020-yilda 89 ta va 2021-yilda 99 ta obyektga oʻrganilmasdan va davlat ekologik ekspertizasining xulosasi olinmasdan qurilishga yer ajratib berilgani va qurilish loyihalari ishlab chiqilgani aniqlangan.

Shuningdek, 2022-yilda Toshkent shahrining 11 ta tumanidagi 332 ta xoʻjalik yurituvchi subyekt hududlari oʻrganilishi natijasida umumiy 21 031 dona turli xildagi daraxtlar xatlovdan oʻtkazilgan, ularning 17 767 donasi manzarali, 2599 tasi mevali daraxtlar boʻlib, ularning 103 tasi qurib qolgani va 20 tasi kasallangani maʼlum boʻlgan.

Qayd etilishicha, respublika boʻyicha 500 dan ortiq qurilish obyektlari atrofi oʻrab olingan boʻlib, ularda 24 mingga yaqin daraxtlar taqdiri xavf ostida qolmoqda.