Toshkent tibbiyot akademiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro konferensiyada Ispaniya, Rossiya Federatsiyasi, Belorus, Ukraina, Qozogʻiston, Qirgʻiziston davlatlarining nevrologiya sohasi boʻyicha professor olimlari ishtirok etdi.

Ushbu anjumandan asosiy maqsad zamon talablariga javob beradigan neyroreabilitatsiya tadbirlari va nevrologik yordam koʻrsatishni yanada takomillashtirish, ixtisoslashtirilgan yordam turlarini kengaytirish, uning sifatini yaxshilashdan iborat.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda soʻnggi yillarda aholiga koʻrsatilayotgan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam samaradorligini oshirish boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Tashxis qoʻyish va davolashning zamonaviy usullari joriy etildi, bemorlarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifat darajasi oshdi. Biroq nevrologik bemorlarning diagnostikasi va reabilitatsiyasini taʼminlash borasida hali qilinishi kerak boʻlgan ishlar koʻp.

Soʻngi yillarda mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimida yangi zamonaviy markaziy asab tizimini diagnostikasi uchun Pozitron - emission tomografiya (PET), perfuzion magnit-rezonans tomografiyasi, perfuzion multislayz kompyuter tomografiyasi, “sunʼiy intellekt” kabi usullar tadbiq etildi.

Insultning boshlangʻich 3-5 soat orasida qoʻllaniladigan trombolizis va tromboektomiya zamonaviy innovatsion davolash usullari kiritildi. Ushbu usullarni keng qoʻllash maqsadidga 2022-yilda 12 nafar shifokor, nevrologlar chet el davlatlarida malaka oshirib, bilimlarini yurtimizdagi shoshilinch tez tibbiy yordam markazlarida tadbiq etib kelishmoqda.

Oʻtkir insult va uning asoratlarini tez va samarali tiklanishi uchun Transkranial magnit stimulyatsiya kabi usullar, harakatni tiklash uchun — Ekzarta uskunasi, nutqni tiklash uchun “LOGOS” mobil ilovasi joriy qilindi.

Anjumanda shu xususda soʻz yuritilarkan, bir qancha dolzarb mavzular muhokama etildi. Jumladan, “COVID-19 bilan bogʻliq insultning klinik kechishi va terapevtik yondashuvning xususiyatlari”, “COVID-19 bilan bogʻliq bosh miya qon-tomir buzilishlari”, “Insultning erta tiklanish davrida harakat va nutq buzilishlarini optimallashtirish”, “Bosh miya oʻtkir insulti: muammo va yechimlar” kabi mavzularda ilgʻor tajribalar oʻrtoqlashildi.