OTM talabalari uch guruhga ajratilishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirildi

    Dolzarb 20 Fevral 2023 5609

    Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri tomonidan oliygohlarda talabalarni uch guruhga ajratish boʻyicha shoshilinch topshiriq berilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holatga vazirlik rasmiy munosabat bildirdi.

    Qayd etilishicha, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oliy taʼlim muassasalari rektorlari bilan muntazam ravishda onlayn yigʻilishlar oʻtkazib turiladi va ushbu yigʻilishlarda muhokama qilingan masalalar topshiriq sifatida rasmiylashtirilib, rektorlarga yozma tarzda joʻnatiladi. Xususan, joriy yilning 14-fevral kuni OTM va filiallar rahbarlariga joʻnatilgan xat ham aynan yigʻilishda bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib berilgan topshiriqdir. Yaʼni bu yozma topshiriqlar rektorlar bilan muhokama qilinib, avvaldan kelishib chiqarilgan va ular OTMlar ichki tartib-qoidalariga aloqador.

    OTM tartib-qoidalariga amal qilmaydigan yoki buzgan talabalar roʻyxatini tuzishdan maqsad talabalarning maʼnaviy-moddiy muammolarini bartaraf etish, iqtidorini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish, talabalarning vaqti va imkoniyatlarini bilim olishga yoʻnaltirish, talabalar va murabbiylar orasida doʻstlik muhitini yaratishdir. Xatda shuningdek, oliy taʼlim muassasalaridagi iqtidorli talabalarning roʻyxatini shakllantirib, vazirlik va OTMning rahbariyati hamda professor-oʻqituvchilariga biriktirish topshirigʻi ham berilgan. Iqtidorli talabalar soni OTM ichki tartib-qoidalarini tushunib yetmagan talabalardan koʻproqni tashkil etadi va iqtidorli yoshlarning muammolarini oʻrganish ham alohida yondashuvni talab etadi. Maqsad — iqtidorli talabalarni muammolarini eshitish, ularning gʻoya va takliflariga muntazam yoʻnalish berib turishdir.

    Shunday qilib, OTM rahbarlari va professor-oʻqituvchilar alohida eʼtibor talab etiladigan talabalar bilan individual ishlashlari nazarda tutilgan. Bunda vazirlik rahbarlarining ham talabalar bilan muloqotlari yoʻlga qoʻyiladi.

    Shuningdek, mazkur xatdagi boshqa topshiriqlar ham OTMlarning vazifasiga kiradimi, degan savol berilgan.

    Yana bir topshiriqda tizim toʻgʻrisida berilayotgan fikrlar, sohadagi yutuq va kamchiliklar haqida xolis fikr bildirish maqsadida talabalarni OAVda yanada faolroq boʻlishga chaqirish, hodisa va voqelikka bir tomonlama qarashni oldini olish yuzasidan tushuntirishlar olib borish maqsad qilingan. Bunda tizim shaʼnini himoya qilish deganda albatta faqat ijobiy emas, balkim xolis, asoslangan tanqidiy fikrni ilgari surish ham tushuniladi.

    “Yoshlar oʻrtasida paydo boʻlayotgan yomon illatlardan ogoh qilish maqsadida taʼsirchan qisqa hikoyalar nashr qilish nazarda tutilsin” degan topshiriq ham kontekstdan uzib olingan. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan hozirda shunday hikoyalar toʻplami nashr etishga tayyorlandi va ularni OTMlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va kanallarida eʼlon qilinishi nazarda tutilgan.

    “Sharaf kodeksi”ga keladigan boʻlsak, bu har bir OTM talabalari va oʻqituvchilarini birlashtiruvchi ramzlarni, qadriyatlarni ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlarga undovchi yoʻnalishlarni belgilash boʻyicha takliflar tayyorlash nazarda tutilgan. Ushbu kodeks talabalar, pedagoglar, professorlar va bitiruvchilarni oʻz oliy taʼlim muassasalaridan gʻururlanishlariga, maslakdosh boʻlishlariga xizmat qiladi.

    Shuningdek, yaqin kunlarda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Taʼlim va fan kengashi hamda Jamoatchilik kengashi oʻz faoliyatini boshlashini maʼlum qilamiz. Vazirlik tomonidan amalga oshirilishi koʻzda tutilgan oliy va professional taʼlim sohasidagi keng koʻlamli islohotlar mazkur kengashlar bilan bamaslahat keng jamoatchilikka eʼlon qilib boriladi.