2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:
- oliy taʼlim muassasalari (keyingi oʻrinlarda - OTM) huzurida 24 ta texnikum tashkil etiladi;
- turdosh OTM hamda asosiy yoʻnalishlari boʻyicha tarmoq tashkilotlariga 213 ta texnikum biriktiriladi;
- 6 ta texnikum bir OTM tizimidan boshqa OTM tizimiga oʻtkaziladi;
- Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi Jizzax xizmat koʻrsatish va servis texnikumi tugatiladi.
Shuningdek, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab shunday tartib oʻrnatiladiki, unga muvofiq:
- texnikumlar va akademik litseylarda malaka talablari, oʻquv reja va dasturlar, oʻquv-meʼyoriy hujjatlar tayanch OTM tomonidan tajribali professor-oʻqituvchilar va tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda ishlab chiqiladi hamda OOʻMTV tomonidan tasdiqlanadi;
- OTM oʻzlariga biriktirilgan texnikumlarni oʻquv-metodik hujjatlar bilan taʼminlaydi, taʼlim sifatini taʼminlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi hamda pedagog kadrlari uchun oʻz byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan xorijiy professorlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda qisqa muddatli oʻquv-seminarlarni tashkil etadi;
- texnikum direktori bir vaqtning oʻzida tegishli OTMning Ilmiy kengashi aʼzosi hisoblanadi;
- texnikumlar tegishli OTM bilan birgalikda texnikum hamda xorijiy davlatlardagi taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish orqali texnikumlarda qoʻshma dasturlar asosida oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlashni tashkil etadi;
- texnikumlarda xalqaro standartlar (shu jumladan, Worldskills) asosida oʻquv-ustaxonalarini tashkil etish va oʻquvchilarni mazkur standartlarga muvofiq tayyorlash hamda kelgusida ishchi kasblar musobaqalarida ularning ishtirok etishini taʼminlash tegishli OTMning bevosita koʻmagi asosida amalga oshiriladi.
Har yili iyul-avgust oylarida texnikum bitiruvchilari uchun har bir tuman va shaharda ish beruvchilarni jalb qilgan holda yarmarkalar, shu jumladan “Karyera kuni” tadbirlari oʻtkaziladi. Oʻquv yili davomida ishlab chiqarish tashkilotlarida tasdiqlangan reja-grafiklar asosida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil qilinadi.
OOʻMTVga Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab texnikumlarga qabul parametrlarini shakllantirishda qurilish, transport, qishloq xoʻjaligi, yengil sanoat, xizmat koʻrsatish va axborot texnologiyalari kabi sohalarda oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlashning davlat buyurtmasini bosqichma-bosqich koʻpaytirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflarni kiritish topshirildi.
OOʻMTV 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab OTMga oʻqishga kirmagan umumtaʼlim maktablarining 11-sinf bitiruvchilarini texnikumlar va kollejlarda birinchi kasb yoki mutaxassisliklar boʻyicha bepul oʻqitadi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 31.08.2021-yildan kuchga kirdi.