Prezidentning PF-81-son Farmoniga muvofiq, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — “avval test, soʻng tanlov” tamoyiliga muvofiq amalga oshiriladi.

1-bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun my.uzbmb.uz saytida onlayn roʻyxatdan oʻtadi hamda quyidagilarni tanlaydi:

Faqat test sinovida ishtirok etsa:

  • fanlar majmuasi;
  • taʼlim tili;
  • test topshirish hududi.

Alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy/ijodiy imtihonlarda ishtirok etsa:

  • taʼlim tili;
  • test topshirish hududi;
  • alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishi;
  • kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan oliygoh.
  • Oliygohlarga kirish imtihonlari iyul avgust oylarida oʻtkaziladi.

2-bosqichda abituriyentlar kirish imtihonlari toʻliq yakunlanganidan soʻng 15 kun davomida my.uzbmb.uz sayti orqali quyidagilarni tanlaydi:

  • oliy taʼlim muassasasi;
  • bakalavriat taʼlim yoʻnalishi;
  • taʼlim shakli;
  • tanlov ustuvorligi.

Abituriyent test sinovida toʻplagan ballarini imtihon oʻtkazilgan kunning ertasiga bilishi mumkin. Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani qabul jarayonining 2-bosqichi toʻliq yakunlangandan keyin bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

Texnikumlarda oʻqish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabulning yakuniy natijasi eʼlon qilinganidan soʻng 10 kun muddatda quyidagilarni tanlaydi:

  • texnikum;
  • kasb va mutaxassislik;
  • taʼlim shakli.

Natija bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

Abituriyentlar va ularning ota-onalariga qulayliklar yaratish maqsadida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda barcha oliy taʼlim muassasalarida “Qabul-2025” shtabi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Bundan tashqari, fuqarolarimiz Vazirlikning 1006, Agentlikning 1195 ishonch telefoni yoki @EduuzUniversalBotga murojaat qilgan holda oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishlari mumkin.