Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi Uchquduq tuman boʻlimi, tuman IIB, YHXB xodimlari bilan hamkorlikda navbatdagi nazorat reyd tadbirlari oʻtkazildi.
Reyd davomida 8-avgustdan 9-avgustga oʻtar kechasi soat 03:00da Uchquduq tumani kirish postida “Neksiya 2” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatib tekshirildi. Natijada fuqaro H.N. va F.S.lar ov qurollari bilan 16 ta yovvoyi quyonni ov mavsumi boʻlmagan vaqtda hech qanday ruxsatnomasiz ovlab olib ketayotganligi aniqlandi.
Holat boʻyicha ashyoviy dalillar olinib, avtotransport vositasi vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirildi va 16 mln 320 ming soʻm tabiatga yetkazilgan zarar belgilandi.
Ish yuzasidan toʻplangan hujjatlar sud organlariga yuborish uchun tayyorlanmoqda.
Maʼlumot uchun, “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra 15-avgustgacha ov qilish taqiqlangan.