Toshkent viloyatida 2026-yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” munosabati bilan aholi bilan bevosita muloqot qilish, eng chekka hududlardagi muammolarni joyida o'rganish va hal etishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda.

Shu maqsadda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida viloyat faollari ishtirokida olis va chekka hududlarda tashkil etib kelinayotgan “Qishloqda bir kun” an'anaviy loyihasining navbatdagi manzili Ohangaron tumanining Ovjazsoy qishlog'i bo'ldi.

Tadbirlarda viloyat rahbariyati, prokuratura, ichki ishlar, soliq organlari, xotin-qizlar masalalari bo'yicha mas'ullar, turizm va madaniyat sohasi vakillari, mahalla faollari, tibbiyot muassasasi vakillari, OAV xodimlari hamda jamoatchilik keng ishtirok etdi.

Loyiha doirasida rahbarlar va mutasaddilar aholi bilan bevosita muloqot olib borib, fuqarolar murojaatlarini o'rgandilar va dolzarb masalalarga joyida yechim topish choralari ko'rishdi. Shuningdek, aholining kayfiyatini ko'tarishga qaratilgan ma'naviy-ma'rifiy va sport tadbirlari ham tashkil etildi.

Dastlab, tadbir Susam mahallasi hududida joylashgan Payg'ambar ota ziyoratgohi tashrif bilan boshlandi. Shundan so'ng viloyat hokimi mehnat faxriylari bilan samimiy muloqot o'tkazib, ularning hayotiy tajribasi va takliflarini tingladi. Sotboldi ota Hamroyev xonadonida tashkil etilgan uchrashuvda Toshkent viloyat hokimi ham ishtirok etdi.

Tadbirlar davomida aholi bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi. Yoshlar, nuroniylar, mehnat faxriylari va turli sohalar vakillari bilan uchrashuvlar bo'lib o'tdi.

Mazkur tashrif doirasida Ovjazsoy mahallasida bir qator muhim masalalar hal etilishi bo'yicha aniq qarorlar qabul qilindi. Jumladan, maktab hududida yopiq sport zali qurish, sun'iy qoplamali stadion barpo etish ishlari amalga oshirilishi ma'lum qilindi. Shuningdek, mahalla aholisi tashabbusi bilan ochiq byudjet mablag'lari asosida asfalt qilingan yo'lning qolgan qismi ham to'liq ta'mirlanishi, 100 o'rinli maktabgacha ta'lim muassasasi qurilishi belgilandi.

Mazkur hududda sport turlari bo'yicha milliy terma jamoalar uchun xalqaro standartlarga javob beradigan Olimpiya tayyorlash markazi barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Umumiy loyiha qiymati 150 milliard so'mni tashkil qilib, 20 gektar maydonda quriladi. Ushbu zamonaviy obyekt sportchilarning professional tayyorgarligini yuksaltirish va xalqaro musobaqalarga tayyorlashda muhim ahamiyatga ega bo'ladi.

 

Yongan uy va oilaviy muammo joyida hal etildi

 

Sayyor qabul jarayonida fuqaro tomonidan viloyat hokimiga murojaat yo'llandi. Murojaatda arizachining uyi yongani, oqibatda yashash sharoiti og'irlashib ketgani hamda shu sababli kelini ikki nafar farzandi bilan uydan ketib qolgani aytildi. Bolalar taqdiri va oilaning parokanda bo'lishi murojaatchini jiddiy tashvishga solgani qayd etildi.

Viloyat hokimi tomonidan mazkur holat batafsil o'rganilib, masala joyida hal etildi. Kuyovga oilasini qayta tiklab, xotini va farzandlarini uyiga olib kelib, yarashib yashash sharti bilan ikki xonali uyni ta'mirlab berish bo'yicha aniq va'da berildi.

Mazkur murojaat asosida mas'ul tashkilot va idoralarga uy-joyni ta'mirlash ishlarini tezkor tashkil etish, shuningdek, oilaviy yarashuvni ta'minlash bo'yicha profilaktik va tushuntirish ishlarini olib borish yuzasidan topshiriqlar berildi. Masala viloyat rahbariyati nazoratiga olindi.

Tadbir doirasida yoshlar bilan ochiq muloqotlar va sport musobaqalari o'tkazildi. Ta'lim muassasalariga kitoblar, sport jihozlari va musiqa anjomlari sovg'a qilindi. Yoshlar tomonidan tadbirkorlik, mehmon uylari tashkil etish va turizmni rivojlantirish bo'yicha takliflar qayd etildi. Mahallani 2026-yil davomida kompleks rivojlantirish bo'yicha dastur ishlab chiqilishi ma'lum qilindi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar ro'yxati shakllantirildi va ularga amaliy yordam ko'rsatildi.

 

Chekka hududlarda aholi salomatligi doimiy e'tiborda

 

Prezidentimiz tashabbusi va Toshkent viloyati hokimiyati qo'llab-quvvatlovi bilan aholini tibbiy ko'rikdan o'tkazishga qaratilgan sayyor va chuqurlashtirilgan tibbiy xizmat tashkil etildi. Shifokorlar aholini bepul ko'rikdan o'tkazdilar.

Tadbirning yana bir asosiy maqsadi chekka hududlarda yashovchi, turli sabablarga ko'ra shaharga borib tibbiy xizmat olish imkoniyati cheklangan aholiga malakali tibbiy yordamni bevosita ularning yashash joyida ko'rsatishdan iborat bo'ldi. 

— Ko'riklar davomida jami 21 nafar fuqaroni ko'rikdan o'tkazdik, — dedi Toshkent viloyati endokrinologiya dispanseri endokrinolog shifokori Rasulbek Raxmanov. — Natijada 4 nafar bemorda qalqonsimon bez kasalliklari aniqlandi. Ushbu bemorlarga viloyat endokrinologiya dispanseriga yo'llanmalar berildi. Ular barcha zarur tahlillarni bepul topshirib, aniq tashxis va davolash bo'yicha tegishli tavsiyalar olishadi.

Shuningdek, qandli diabet bilan davolanib yurgan bemorlarga kasallikni tuman darajasida doimiy nazoratda ushlab turish, dori vositalarini o'z vaqtida qabul qilish va sog'lom turmush tarziga amal qilish bo'yicha tushuntirish ishlarini olib bordik. Ayrim bemorlarda kam uchraydigan endokrin kasalliklar ham kuzatilib, ularni qo'shimcha ravishda respublika darajasida tekshiruvdan o'tkazish uchun hujjatlar rasmiylashtirildi.

Bunday sayyor tibbiy tadbirlar aholi salomatligini asrash, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va davolash imkoniyatlarini kengaytirishda juda muhim deb hisoblayman. Eng muhimi, aholining ishonchi va minnatdorligini his qilish biz, shifokorlar uchun katta rag'batdir. Shuningdek, tadbir doirasida mahalliy aholi orasida xirurgik kasalliklarga doir murojaatlar ko'rib chiqildi. Ko'rik jarayonida jami 25 nafar bemor tekshiruvdan o'tkazildi. Ulardan 8 nafari rejali jarrohlik amaliyotiga yo'naltirildi. Qolgan bemorlarga esa joyida ambulator tibbiy yordam ko'rsatilib, keyingi davolanish bo'yicha tavsiyalar berildi.

— Sayyor tibbiy ko'riklar orqali markaziy tibbiyot muassasalari imkoniyatlari olis hududlarga olib chiqilib, aholi uchun qulay sharoitda mutaxassislar ko'rigidan o'tish imkoniyati yaratilmoqda. Bu esa kasalliklarni o'z vaqtida aniqlash va davolash samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda, — dedi Toshkent viloyati ko'p tarmoqli tibbiyot markazi xirurg-shifokori Shermat Halimov.

Shuningdek, “Qishloqda bir kun” loyihasi doirasida “Munavvar oqshomlar” nomli madaniy-ma'rifiy tadbir ham bo'lib o'tdi. Konsert dasturlari va gulxan atrofidagi suhbatlar orqali aholi uchun mazmunli va ilhom baxsh etuvchi muhit yaratildi.

Mashhur san'atkorlar va ijodkorlar ishtirokidagi chiqishlar tadbirga alohida fayz bag'ishladi. Ochiq havoda tashkil etilgan kecha qishloq aholisi uchun unutilmas lahzalar ulashdi.

Muxtasar aytganda, “Qishloqda bir kun” loyihasi aholi va davlat rahbarlari o'rtasidagi ishonchni mustahkamlab, chekka hududlardagi muammolarni joyida eshitish va ularga samarali yechim topishga xizmat qilmoqda.

Zulxumor Akbarova