Keyingi yillarda jismoniy tarbiya va sport sohasida katta oʻzgarishlar davri boʻlmoqda. Buni birgina sohaga doir taʼlim tizimi tubdan takomillashayotgani misolida koʻrish mumkin.
Jismoniy tarbiya va sport taʼlimi islohotlari haqida umumiy mazmunda gapiradigan boʻlsak, avvalo, bogʻcha yoshidan sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish tizimiga oʻtildi. Bunda bolalikdan sogʻlom ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishdan boshlab, maktab davrida oʻgʻil-qizlarimiz sport bilan shugʻullanishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Maktablarda yangi sport zallari barpo etilib, mavjudlari tubdan taʼmirlandi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi.
Oliy taʼlim tizimi ham isloh qilinib, milliy va olimpiada sport turlariga ixtisoslashgan sportchilar tayyorlash boʻyicha xalqaro standartlar joriy etildi. Bunda asosiy eʼtibor natijadorlikka qaratilgan boʻlib, respublika va xalqaro miqyosda yuksak natijalarga erishgan sportchilar va ularning murabbiylarini ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Bu kabi oʻzgarishlar haqida uzoq gapirish mumkin. Prezidentimizning joriy yil 28-iyuldagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun tibbiyot kadrlarini tayyorlash hamda sportchilarga tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori esa bu boradagi tizimli islohotlarni maqsadli davom ettirish, sport tibbiyoti sohasida kadrlar tayyorlashning zamonaviy usullarini amaliyotga tatbiq etish orqali sportchilarga yuqori sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishni yanada takomillashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli boʻlmoqda.
Bugun sohaga daxldor va mazkur qaror ijrosidan manfaatdor professor-oʻqituvchi sifatida mazkur qarorning alohida muhim jihatlariga toʻxtalmoqchimiz.
Avvalo, qarorning maqsadi juda muhim va dolzarbdir. Yaʼni, sport tibbiyoti sohasida kadrlar tayyorlashning zamonaviy usullarini amaliyotga joriy etish orqali sportchilarga yuqori sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish borasida yechimini kutayotgan masalalar soha mutaxassislarini koʻp yillardan buyon oʻylantirib kelayotgan edi.
Endilikda bu borada bir qator muhim chora-tadbirlar amalga oshiriladigan boʻldi. Va, eng muhimi, bu ishlar bevosita sport taʼlim muassasalari va milliy terma jamoalar bilan uzviy ravishda yoʻlga qoʻyiladi.
Qarorga koʻra, jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun sport shifokori va sport diyetologi mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha bosh oliy taʼlim muassasasi hisoblanadigan Toshkent tibbiyot akademiyasida “Sport shifokori” va “Sport diyetologiyasi (ovqatlanish ilmi)” boʻyicha magistratura mutaxassisliklari joriy etiladi. Toshkent farmatsevtika institutida “Eksperimental va sport farmakologiyasi” magistratura mutaxassisligi boʻyicha amaldagi oʻqishga qabul qilish davlat buyurtmasi parametrlari ikki barobar oshiriladi.
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzurida tashkil etilgan tibbiyot fakultetini yanada kengaytirish orqali uni Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filialiga aylantirish, filialda sport tibbiyoti va boshqa tibbiyot mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish hamda Chirchiq shahridagi barcha turdagi tibbiyot muassasalarini filialga klinik-oʻquv baza sifatida biriktirish belgilandi.
Bu esa, oʻz navbatida, sport tibbiyoti yoʻnalishida kadrlar tayyorlash boʻyicha ilgʻor innovatsion, ilmiy-uslubiy texnologiyalarni joriy etish, oʻquv jarayonlarini sport-taʼlim muassasalari va milliy terma jamoalar bilan uzviy bogʻliq holda tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Taʼkidlash joizki, Prezidentimizning 2022-yil 3-noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun sport tibbiyoti yoʻnalishini rivojlantirish va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari belgilangan. Xususan, kadrlar tayyorlash boʻyicha ilgʻor innovatsion, ilmiy-uslubiy texnologiyalarni joriy etish orqali oʻquv jarayonini sport-taʼlim muassasalari va milliy terma jamoalar bilan uzviy bogʻliq holda tashkil etish, sport tibbiyoti yoʻnalishida kadrlar tayyorlashda talabalarning amaliy mashgʻulot darslari hamda amaliyotini Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida tashkil etish orqali dual taʼlim tizimini rivojlantirish juda muhim.
Bunda xorijiy mutaxassislar (sport shifokori, sport diyetologi, sport fiziologi, sport farmakologi, sport psixologi) ni jalb qilgan holda sport tibbiyoti sohasidagi xodimlar malakasini oshirishni tizimli yoʻlga qoʻyishda xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribasini oʻrganish muhim ahamiyat kasb etadi.
Qarorda sport shifokori va sport diyetologi mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish borasida ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish, Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi faoliyatini kengaytirish va yanada takomillashtirish orqali sportchilarga tibbiy xizmat koʻrsatish infratuzilmasini yaxshilash ham koʻzda tutilgan.
Joylarda sportchilarning jismoniy holati va rivojlanishini doimiy nazorat qilib borish, ulardagi oʻtkir, surunkali kasalliklarni barvaqt aniqlash va davolash, sport-taʼlim muassasalari, shuningdek, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot mutaxassislari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda ularning professional faoliyatiga koʻmaklashish muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, sportchilarning kasallik va jarohatlarini davolash, ularga maxsus hamda kompleks tezkor tibbiy xizmatlar koʻrsatish maqsadida tibbiy-jismoniy tarbiya dispanserlari vazifasini bajarish, sportchilarning kasallik tarixini oʻzida aks ettiruvchi yagona elektron axborot tizimini yaratish, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari hamda ixtisoslashtirilgan sport-taʼlim muassasalarida tayyorlanayotgan professional sportchilarni bir yilda ikki marotaba chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish va tibbiy monitoring olib borish sohani yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Biz yuqorida sport diyetologiyasi, yaʼni ovqatlanish ilmi haqida gapirdik. Aniqrogʻi, bu borada magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyilishini aytdik. Bu qanday ahamiyatga ega?
Sport sohasida ilgʻor davlatlar tajribasidan ham maʼlumki, ovqatlanish ilmi sportchi hayotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etib, uning muvaffaqiyatlari garovi sifatida qaraladi. Lekin bizda yaqin yillargacha bu tizim deyarli ishlamadi. Hozirgacha bu borada kamchiliklar kuzatilib kelar edi. Sportchini oʻz vaqtida vitaminlar bilan taʼminlash, ularning toʻgʻri ovqatlanishiga eʼtibor berish ularning kayfiyati va jismoniy holatiga taʼsir koʻrasatib, musobaqa chogʻida gʻoliblikni taʼminlaydigan asosiy vosita hisoblanadi. Buning uchun esa ilmli mutaxassislar zarur boʻladi. Shu maʼnoda, mamlakatimizda sport diyetologlarini tayyorlashning yangi bosqichi yoʻlga qoʻyilishi ayni muddao boʻldi.
Bir soʻz bilan aytganda, sport-taʼlim muassasalari faoliyati rivojlanishining uzoq muddatli istiqbollarini belgilash, ularda olimpiya va paralimpiya sport turlari boʻyicha sportchilar zaxirasini tayyorlash uchun zarur shart-sharoit yaratish borasida davlatimiz tomonidan berilayotgan barcha imkoniyatlardan samarali foydalanish ayni kunda oldimizda turgan dolzarb vazifalar sirasidandir.
Aʼzamjon MAHMUDOV,
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va
sport universiteti dotsenti