Oybek Usmonov Mavlaviy Amirxon Muttaqiyga ishonch yorligʻi nusxasini topshirdi

    Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Oybek Usmonov Tolibon muvaqqat hukumati tashqi siyosat idorasi rahbari Mavlaviy Amirxon Muttaqiyga ishonch yorligʻi nusxasini topshirdi.

    Bu haqda qoʻshni davlat TIV xabar bergan.

    Muttaqiy respublikamizning yangi tayinlangan elchisini qutlarkan, har ikki mamlakat poytaxtida elchixonalar faol ish olib borayotganini oʻzaro munosabat taraqqiyotini belgilovchi ijobiy koʻrsatkichi sifatida baholadi. Shuningdek, ayni payt yirik iqtisodiy tashabbuslarni amalga oshirish yoʻlida tomonlar samarali qadam tashlayotganini taʼkidladi.

    Elchimiz O.Usmonov oʻzaro munosabat qardoshlik xususiyatiga egaligini qayd etib, faoliyati davomida mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash yoʻlida bor kuchini ishga solishga vaʼda berdi.

    Eslatib oʻtamiz, oʻtgan oy Afgʻonistonning yurtimizdagi elchisi Abdul Gʻaffor Teraviy Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga ishonch yorligʻi nusxasini topshirgan edi.